Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz saytida yangi instrument ishga tushirildi. «Hayotiy vaziyatlar» deb nomlanuvchi bo‘lim davlat xizmatlaridan foydalanishni osonlashtirish, normativ hujjatlarni qulay tarzda topishga yordam beradi.

Bo‘limda inson hayotida eng ko‘p uchraydigan vaziyatlar kategoriyalarga ajratilgan holda joylashtirilgan.

Kerakli kategoriyani tanlash orqali foydalanuvchi o‘zi tushgan vaziyatni izlab topishi, bu vaziyatda qonunchilikka asosan qanday yo‘l tutilishi, qaysi normativ hujjatga asoslanishi va davlat xizmatidan qanday foydalana olishi haqida ma'lumotga foydalanadi.

«Bitta masala yuzasidan fuqaro bir necha idoraga murojaat qilishi, idoralar o‘rtasida sarson bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. Aslida odamlar davlat organlari o‘zaro qanday aloqada bo‘lishi, xizmatni qanday ko‘rsatishi, uni kim qayerda qanday ko‘rsatishini o‘ylashi kerak emas. U shu xizmatdan sifatli foydalanishi kerak xolos. Boshqa jarayonlar – davlat organlarining ishi. Mazkur instrumentning ishga tushirish aynan shuni maqsad qiladi», − deydi loyiha koordinatori Bunyod Hoshimxo‘jayev.

Bunyod Hoshimxo‘jayev - loyiha koordinatori (minbarda)

Huquqshunos Dilshod Abduqodirovning aytishicha, normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash nafaqat oddiy fuqaro, balki huquq sohasi vakili uchun ham qiyinchilik tug‘diradi.

«Bizda normativ hujjatlar nihoyatda tarqoq holda. Aynan bitta munosabatning tartibga solinishi 2-3ta yoki undan ham ko‘p normativ hujjatga bo‘lingan. Vazirlik va idoralarning ham o‘z hujjatlari bor.

Qaysidir yo‘nalishda normativ hujjat borligini bilamiz, lekin uni topib olishga qiynalamiz. Mazkur instrumentda duch kelinishi mumkin bo‘lgan hayotiy vaziyatlar jamlanib, eng muhimlari saralab olindi», − deydi huquqshunos.

UzInfoCom direktor o‘rinbosari Mirsaid Mirmaqsudovga ko‘ra, hozirda davlat xizmatlari reyestrida 700dan ortiq xizmat mavjud bo‘lib, ulardan 170tasi my.gov.uz portaliga jamlangan.

«Davlat xizmatlari ko‘paya boryapti, bu bilan portaldan foydalanish ham noqulaylik tug‘diradi. Xizmat turini qidirib topish qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Aynan konkret vaziyatdan kelib chiqqan holda o‘zining qanday yo‘l tutishi kerakligini aniqlashga bu instrument yordam beradi», − deya ta'kidlaydi u.