Prezidentning “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini amalga oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Jamiyatning barcha qatlamlarida mustahkam irodali, huquqlarini biladigan, qonunlarga hamda inson huquq va erkinliklariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan hamda huquqbuzarlikka nisbatan murosasiz bo‘lgan fuqarolarni tarbiyalash mexanizmlarini yaratish davlat organlari va tashkilotlarning huquqiy madaniyatni yuksaltirish sohasidagi navbatdagi eng muhim ustuvor vazifalaridan biri etib belgilanadi.

Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining soha faoliyatiga oid huquqiy axborotni aholi va ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazish, shuningdek, ulardan foydalanishni ta'minlash vazifalarining samarali amalga oshirilishi bo‘yicha shaxsiy mas'uliyati oshiriladi.

Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini 2020–2021 yillarda samarali amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari “Yo‘l xaritasi”da belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

Adliya vazirligi:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Bolalar va yoshlarga huquqiy ta'lim-tarbiya berishning milliy konsepsiyasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

tizimli ravishda kundalik uchraydigan hamda hayotiy muhim masalalar bo‘yicha oddiy va sodda tilda huquqiy targ‘ibot materiallarini tayyorlab, keng aholi qatlamiga yetkazilishini ta'minlab boradi;

bolalarning huquqiy ongini shakllantirishga qaratilgan interaktiv mobil o‘yin-ilovalar ishlab chiqilishini, shuningdek, bolalar va yoshlar hamda har bir oila uchun mo‘ljallangan yuridik ensiklopediyalar tayyorlanishini ta'minlaydi;

2020 yil 1 avgustga qadar tadbirkorlik sub'yektlariga tezkor ravishda bepul huquqiy maslahat va ma'lumotlar berishni nazarda tutuvchi “advice for business” maxsus interaktiv huquqiy-axborot portali yaratilishi va ishga tushirilishini ta'minlaydi;

2021 yil 1 yanvarga qadar huquqiy axborot tarqatish usullarini yanada keng joriy etish maqsadida aholi uchun huquq sohasi bilan bog‘liq xizmatlar va ma'lumotlarni olish imkonini beruvchi, shu jumladan huquqiy ma'lumot resurslarini o‘zida jamlagan yagona mobil ilova yaratilishi va ishga tushirilishini ta'minlaydi;