Sport | 17:29 / 15.02.2020
7748
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Sochidagi Olimpiadada qo‘lga kiritilgan medallar soni bo‘yicha 1-o‘rinni yo‘qotadi

Biatlonchi Yevgeniy Ustyugovning diskvalifikatsiya qilingani sababli Rossiya terma jamoasi estafetada oltin medalni yo‘qotadi. Umumjamoa hisobida Norvegiya birinchi o‘rinni egallaydi

Foto: sampics/Corbis via Getty Images

Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan 2014 yilgi Olimpiadada umumjamoa hisobidagi yetakchilik Norvegiyaga o‘tadi. Bunga qadar birinchi o‘rinda bo‘lgan Rossiya terma jamoasi biatlonchi Yevgeniy Ustyugovning diskvalifikatsiyasi tufayli ikkinchi o‘ringa tushib ketadi.

Shanba kuni Ustyugov chetlashtirilgani haqida TASS o‘z manbalariga asoslanib xabar berdi. Keyinchalik Rossiya biatlonchilar uyushmasi Xalqaro uyushmadan Ustyugov ikki yilga chetlashtirilgani to‘g‘risida xat olganligini tasdiqladi. «Sportchining 2013 yil 27 avgustdan 2014 yil fevraligacha bo‘lgan barcha natijalari diskvalifikatsiya qilinishi kerak», - deyiladi uyushma xabarida.

Ustyugovning diskvalifikatsiyasi tufayli 2014 yil Sochida bo‘lib o‘tgan o‘yinlarning oltin medallari estafetada qatnashgan Rossiya jamoasining boshqa biatlonchilari: Anton Shipulin, Aleksey Volkov va Dmitriy Malishkodan ham olib qo‘yiladi. Ularning mukofotlari nemislar Erik Lesser, Daniyel Byom, Arnd Peyffer va Simon Shemppga beriladi.

2014 yilgi o‘yinlarning umumjamoa hisobida Rossiya uchinchi o‘ringa tushib ketadi. Jamoada o‘nta oltin, to‘qqizta kumush va to‘qqizta bronza medali qoladi. Norvegiyaliklar 11 oltin, beshta kumush va 11 bronza medallari bilan peshqadam bo‘lib oladi. Kanada ikkinchi o‘rinni egallaydi (10 oltin, 10 kumush, 5 bronza).

Ustyugov 2010 yilda Vankuverdagi Olimpiada o‘yinlarining mass-startida ham oltin medal olgan. Bundan tashqari, rossiyalik 2010 yilgi o‘yinlarning estafetasida bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Jahon chempionatlarida Ustyugov ikkita kumush medalni qo‘lga kiritgan, har ikkisi ham 2011 yil Xanti-Mansiyskda, mass-start va estafetada olingan. 2014 yil aprel oyida Ustyugov faoliyatini yakunlangani to‘g‘risida e'lon qildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid