Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev parlamentning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid masalalarni hal qilishdagi vakolatlarini kengaytirish mavzusida jurnalistlarga intervyu berdi. Unda bugungi kunda parlament oldida turgan asosiy vazifalarga to‘xtaldi.
“Birinchisi, qonun ijodkorligini takomillashtirish. Bizda masalaga jiddiy e'tibor berish vaqti keldi. Ko‘p yillar mobaynida bu masalaga ozgina yuzaki qarab, oxir-oqibat qonunlarning ijrosi ta'minlanmaydigan darajaga keldik. O‘zbekistonda ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni joriy etish vaqti keldi. Qonun qabul qilinganidan keyin u bevosita, hayotimizga, iqtisodiyotimizga, ijtimoiy, madaniy sohalarga o‘z ta'sirini ko‘rsatadigan hujjat bo‘lishi kerak. Ya'ni, uni ishlatish uchun qandaydir bir qo‘shimcha qarorlar, me'yoriy hujjatlar, ayrim vaqtda bir-biriga ziddiyatli bo‘lmasligi kerak”, - dedi Sodiq Safoyev.
Uning fikriga ko‘ra, bu borada parlament oldida qonun ijodkorligini takomillashtirish borasida bir necha vazifalar mavjud. Xususan, yangi saylangan parlamentariylar – senator va deputatlar qonunni qabul qilayotganda ana shu sohaning mutaxassislari darajasida bilimga ega bo‘lishi lozim. Har bir qo‘mita qoshida ekspertlar kengashini joriy qilish, qonun ijodkorligining ochiqligini ta'minlash, qonunni hayotga tatbiq etish va uning ijro mexanizmini ta'minlash, qonunlarning xalqaro reytinglar va O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga bajarilishiga qaratilgan bo‘lishi shular jumlasidandir.
Sodiq Safoyevning fikriga ko‘ra, parlament oldida turgan ikkinchi vazifa - parlament nazorati. Hokimiyat organlari, hukumat, vazirliklar, joylardagi organlar qanday ishlayotgani, qonunlar, xalqaro majburiyatlarning hayotga tatbiq etilishi bo‘yicha nazoratni olib borishdir.
“Zamonaviy parlament budjetni shakllantirish va budjetni ijro etish bilan boshlangan. Bu parlamentning asosiy funksiyalaridan biri. Parlament ko‘p yillar mobaynida budjetni yuzaki, xo‘jako‘rsinga ko‘rib chiqardi. Bugun aksi bo‘lyapti. Xalq vakillari xalqdan soliq orqali to‘plangan mablag‘ qanday shakllanyapti va ular qayerga sarflanayotganligini nazoratga olishi kerak. Joriy yildan boshlab nafaqat markazda, balki mahalliy kengashlarga ham joylardagi mablag‘lar qanday taqsimlanayotgani, qanday ishlatilayotganini [nazorat qilish] huquqi berildi”, - dedi Safoyev.
Sodiq Safoyevning ta'kidicha, parlament nazoratining eng muhim usullaridan biri bu – deputatlik, senatorlik so‘rovi.
“Ya'ni, bu vakillik organi tomonidan hokimiyat, vazirlar, hukumatga xalq nomidan uni bezovta qiladigan masalalar bo‘yicha so‘rovni yuborish. Shu so‘rovga aniq javobni talab etish”, - deya qo‘shimcha qildi u.















