Bangladeshning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Masud Mannan bilan kechgan suhbatimiz ayni shu mavzudan boshlandi.

— Tasavvuringizda Zahiriddin Muhammad Bobur shoh va shoir sifatida qanday gavdalanadi?

— Savolingiz uchun rahmat. Bu men uchun qiziq mavzulardan biri. Zahiriddin Muhammad Bobur taxtga o‘tirganida ancha yosh bo‘lgan, shu sababli ko‘p imkoniyatlari cheklangan edi. Yurtdoshlariga nimaga qodirligini isbotlash uchun mamlakatini tark etdi.

U Afg‘onistondan tortib Hindistongacha keng sarhadni egallab, o‘z poytaxtini barpo qilgach, imperiyani mustahkamlashni boshladi. Mag‘lubiyati tufayli qaytib bormaslik uchun jang-u jadallarda g‘alaba qozondi. Oilasida ham muammolarga uchragan.

O‘sha paytda Hindiston hududi chegaralari Afg‘onistondan boshlab, Pokiston va Bangladeshdan iborat bo‘lgan.

Bobur hukmronlik yillarida Bangladeshga safar uyushtirmagan. Nabirasi Akbarshoh davrida uning askarlari hozirgi Bangladeshga kelishgan.

O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Masud Mannan

Bangladeshda Zahiriddin Muhammad Bobur haqida bizga tarix fanining bir qismi sifatida o‘qitilgan. Uning shoirlik hayoti haqida gapirsam. Yoshligimda uning she'riyati haqida chuqur bilmasdim. O‘zbekistonga kelganimdan keyin, «Boburnoma» va Bobur she'riyatidan to‘la bahramand bo‘ldim. Bobur ijodi va hayotiga nisbatan qiziqishim orta boshladi.

Uning she'riyatida nafaqat romantizm, his-tuyg‘ular yoki tabiatning tasviri, balki ularda hayotidagi past-u balandligi ham tasvirlangan. 

U faylasuf ham edi. Ba'zida xalqini, yor-u birodarlarini tark etgani uchun o‘ksingan. Andijon, Samarqand, Farg‘ona shaharlarida bo‘lganimda, jannatmakon mamlakatni tark etib, buyuk imperiya qurish oson emasligini tushunaman. Vatan sog‘inchi, doim g‘olib bo‘lish istagi, yangi sulola tuzish shodligi uning she'riyatida aks etgan.

Dunyoda kamdan-kam inson hayotda shunchalik ko‘p sarguzashtni boshdan kechirish imkoniga ega bo‘lgan, nafaqat shoir, faylasuf, balki adolatli hukmdor va olim sifatida o‘zini namoyon qilgan.

— Boburnomada Bangladesh va bengal xalqi haqida qanday qiziqarli ma'lumotlar uchraydi, qiziqib ko‘rganmisiz?