Ulug‘bek Ismatov – O‘zbekistonda startaplar, media va IT sohasida ko‘zga ko‘ringan yoshlardan. Sifatli mediakontent yaratish bilan shug‘ullanuvchi «Be creative» media markazi ta'sischisi. Yoshlar ittifoqi qoshidagi Yoshlar media markaziga ham rahbarlik qilyapti.

Ulug‘bek Ismatov hech qanday resurssiz o‘z g‘oyasini oyoqqa turg‘azgani, o‘zi ashaddiy yomon ko‘rgan Yoshlar ittifoqidagi faoliyati, g‘oyalar generatsiyasi va muvaffaqiyatli startaplar siri haqida gapirib berdi.

«Eng ashaddiy heyterdan boshqaruv raisiga aylandim»

– Yoshlar ittifoqi 2017 yilda tashkil etilgan bo‘lsa, 2019 yil may oyiga qadar men bu tashkilotning ashaddiy heyterlaridan (yomon ko‘ruvchi – tahr.) edim. Universitetimizdagi Yoshlar ittifoqining faoliyatidan kelib chiqqan holda baho berardik. Jiddiy kiyinib olib, doskalarga o‘z suratlarini yopishtirib qo‘yishardi. Ish jarayonida eng kulgiga oladigan mavzumiz ittifoq edi.

Ammo 2019 yil aprel oyida Yoshlar ittifoqining o‘sha paytdagi rahbari Qahramon Quronboyevdan taklif tushdi. Avvaliga rosa ikkilandim, o‘ylandim. Bu paytda o‘zimizning «Be creative» media markazimiz doimiy ishlay boshlagan, nomdor mijozlar bilan hamkorlik qila boshlagan edi.

Ancha o‘ylab, ittifoq jamoasiga qo‘shilish taklifiga rozi bo‘ldim, buni chaqiriq sifatida qabul qildim. Kelib ko‘rdim, haqiqatan ham bu tashkilotda odamlar tinim bilmay mehnat qilar ekan. Hozirda Yoshlar ittifoqi Yoshlar media markazi boshqaruv raisiman.

Startaplar uchun startap

– 2018 yilda «Startap market» loyihasini ishlab chiqdik.

Bu loyiha qanday paydo bo‘lgan? 2017 yilda tanlovda qatnashganimda 400dan ziyod startap loyiha ishtirok etgan. Tanlov dasturi tugagandan keyin esa ularning birontasi ham yo‘q. Men shularning hammasini jamlayman deb o‘yladim. «Startap market»ning g‘oyasi tug‘ildi. Bu – O‘zbekistondagi barcha startaplarni jamlaydigan yagona platforma bo‘ladi. Hamma startaplar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha bitta joyda jamlanib, loyiha muallifiga investordan nima kerakligi aniq-ravshan ko‘rsatiladi. Qancha pul kerakligi, qancha foyda olinishi, qanaqa muammoni yechishi − barchasi joylashtiriladi.

Bu loyihada biz faqatgina mahalliy emas, xorijiy investorlarni ham jalb qilmoqchimiz. Shu o‘rinda xorij bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlarga maslahatim: LinkedIn tarmog‘ida akkaunt ochishsin. U yerda juda ko‘p rahbarlar o‘tiradi. Ular bilan orangizdagi masofa bittagina xabar. Bitta chiroyli xabar yozib jo‘natsangiz, u sizga javob yozadi.