Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hokimliklar tomonidan 1993 yil 18 sentyabrdan 2020 yil 1 martga qadar qabul qilingan jismoniy va yuridik shaxslarga yer ajratish haqidagi o‘z kuchida bo‘lgan qarorlarni 2020 yil 1 sentyabrgacha xatlovdan o‘tkazib, tegishli hokimliklarning rasmiy veb-saytlarida e'lon qilinishini ta'minlaydi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Davergeodezkadastr hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda quyidagilarni nazarda tutuvchi mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron – “E-hudud” tizimini 2021 yil 1 yanvarga qadar sinov tariqasida ishga tushirilishini ta'minlaydi:

mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish va qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, ularga takrorlanmaydigan maxsus raqam berish va avtomatik tarzda e'lon qilish jarayonini boshqarish va nazorat qilish, shu jumladan, zarurat tug‘ilganda mas'ul idoralar, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan loyihalarga elektron ko‘rinishdagi viza qo‘yishni amalga oshirish;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari loyihalarini ko‘rib chiqish va kelishish bo‘yicha idoralararo elektron hamkorlikni, shuningdek, ularni ishlab chiqish jarayoni monitoring qilinishini ta'minlash.

“E-hudud” elektron tizimdan foydalanishda quyidagilar davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

a) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

“E-hudud” elektron tizimining sifatli va uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash;

“E-hudud” elektron tizimining funksional imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘rish, tizimdan foydalanish jarayonida texnik yordam ko‘rsatish;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “E-hudud” elektron tizimining axborot xavfsizligini ta'minlash;