Og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati Qozog‘istondan O‘zbekistonga ko‘chirilgani to‘g‘risida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi matbuot xizmatiga asoslanib xabar bergandik.

Xabarda bunday qarorga kelinishiga Xitoyda koronavirusning yangi turi tarqalishi sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan. Qozog‘iston hukumati Xitoy bilan chegaradosh mamlakatlardan bo‘lgan yo‘lovchilarning harakatiga cheklovlar kiritgani sababli Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi vaziyatni zudlik bilan muhokama qilgan va Osiyo chempionatini O‘zbekistonga ko‘chirish to‘g‘risidagi qarorga kelgan. Shu tarzda turnir 16-25 aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi.

 Ijtimoiy tarmoqlarda bu qaror turli xil bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Sport ishqibozlari nufuzli turnirga Toshkent mezbonlik qilishidan xursand bo‘lgan bo‘lsalar, ko‘pchilik foydalanuvchilar bu qarorni ehtiyotsizlik oqibati deya baholaganlar.

 Xo‘sh, koronavirus tufayli Qozog‘istonda o‘tkazilmaydigan bu turnir O‘zbekistonda o‘tkazilishi xavfsizlik nuqtai nazaridan qanchalik asosli?

 Bu savolga javob olish uchun dastlab Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bog‘landik. Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev vaziyatni shunday izohladi:

 – Xavotirga o‘rin yo‘q. Bu turnir Qozog‘istonda o‘tkazilmayotganining yagona sababi Xitoy bilan bu davlat o‘rtasida yirik chegara hududi bor va belgilangan karantin hamon amalda turibdi. O‘zbekistonning Xitoy bilan bevosita chegarasi yo‘q, qolaversa, bu turnir doirasida ham, unga qadar va undan keyin ham mamlakatimizga kirib keluvchi har bir mehmon alohida tekshiruvdan o‘tkaziladi. Musobaqa jarayonida ham shifokorlarning muntazam kuzatuvi olib boriladi. Bu turnirning yurtimizda o‘tkazilishi O‘zbekiston sporti uchun yorqin bir sahifa bo‘ladi, deb o‘ylayman.

 O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Shahrullo Mahmudovning ham fikrlari bilan qiziqdik.

 – Toshkent bu nufuzli musobaqani o‘tkazishga tayyor. O‘zi avvaldanoq mezbonlikka Qozog‘iston va O‘zbekiston asosiy da'vogar bo‘lib turgandi. Mavjud vaziyatdan kelib chiqib darhol Toshkent variantida to‘xtalishdi. Holbuki Tailand, Filippin kabi davlatlar ham da'vogar bo‘lishgandi. Ammo ularning o‘zida ham koronavirus xavfi, doping mojarolari tufayli bu musobaqa mezbonligi berilmadi.