15:18 / 18.02.2020
0
6721

Xitoy aviakompaniyalari koronavirus tufayli 80 mingga yaqin reysni bekor qildi

Kasallikning tarqalishi sababli Xitoy aviakompaniyalari 78 ming reysni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Rasmiylar ma'lumotiga ko‘ra, yo‘lovchilar soni ikki baravarga kamaygan

Foto: Cnsphoto / Reuters

20 yanvardan 13 fevralgacha Xitoyning uchta aviakompaniyasi koronavirusning yangi turi tarqalayotgani sababli 78 ming reysni bekor qildi va 13 million chiptani qaytarib berdi. Bu haqda Xitoy Davlat mulkini nazorat qilish va boshqarish qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosari Jen Xunbin ma'lum qildi, deb xabar bermoqda China News Twitter’dagi akkauntida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aviatashuvchilar reyslarning bekor qilinishi tufayli jiddiy zarar ko‘rdi, chunki Xitoyda Bahor bayrami (Oy taqvimi bo‘yicha yangi yil)ni nishonlash munosabati bilan ushbu davrda faol sayohatlar kuzatiladi. Xususan, 2020 yilda ushbu kunlar yo‘lovchilar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar kamaydi, deya ta'kidlab o‘tdi Xunbin.

Aviatashuvchilardan tashqari turizm sohasida faoliyat yuritadigan kompaniyalar ham zarar ko‘rdi. Davlat mulkini nazorat qilish va boshqarish qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosari ma'lumotiga ko‘ra, diqqatga sazovor joylar, do‘konlar, mehmonxonalar yopilgan.

Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan Airways kompaniyasi koronavirus epidemiyasi sababli 4 fevraldan Xitoyga doimiy aviaqatnovlar vaqtinchalik to‘xtatilishi haqida xabar qildi.

2019 yil dekabr oyida Xubey provinsiyasining Uxan shahrida yangi turdagi koronavirus tarqalishi boshlandi. Virus tarqalishi tezda Xitoyning materik qismiga ko‘chdi, so‘ngra dunyodagi ayrim davlatlarda kuzatildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 17 fevraldagi ma'lumotiga ko‘ra, dunyoda kasallanishlar soni 71,5 ming kishiga yaqinlashdi. 1873 kishi yangi virusning qurboniga aylandi.

Avvalroq, koronavirus tufayli og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati Qozog‘istondan O‘zbekistonga ko‘chirilgani xabar berilgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top