Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi 2020 yil 14 yanvar kuni Toshkent shahar Chilonzor tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi Murodbek Karimovga nisbatan chiqarilgan sud hukmini bekor qildi.

Sud ajrimida quyidagilar bayon etiladi:

«...birinchi instansiya sudi ishni ko‘rishda qonun va Oliy sud Plenumi qarorlari talablariga rioya qilmagan.

...M.Karimovga nisbatan jinoyat ishi Toshkent shahar prokurori yoki unga tenglashtirilgan prokuror tomonidan qo‘zg‘atilishi lozim edi. Lekin unga nisbatan jinoyat ishi 2018 yil 25 aprel kuni ... Chilonzor tumani prokurori tomonidan, ya'ni vakolatsiz shaxs tomonidan qo‘zg‘atilgan.

...Biroq, ish bo‘yicha barcha tergov harakatlari tergov guruhi a'zosi (sud materiallariga ko‘ra, Chilonzor prokuraturasida ish o‘rganuvchi – tahr.) hisoblangan J.Yaxshiboyev tomonidan olib borilgan, ayb e'lon qilingan, shuningdek, ayblov xulosasi ham u tomonidan tuzilib, JPK talablariga rioya qilinmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, sudlov hay'ati barcha dastlabki tergov harakatlari vakolatsiz shaxs tomonidan o‘tkazilganligini inobatga olib,

...jinoyat ishida mavjud bo‘lgan barcha dalillarni nomaqbul dalil deb topishni lozim topadi.

M.Karimovning jinoyat ishini tergov qilishga aralashish, ya'ni ishni har tomonlama to‘la va xolisona o‘rganilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga qonunga xilof ravishda ta'sir o‘tkazganligi o‘z tasdig‘ini topmadi.

Ayni vaqtda, M.Karimovni aybli deb topish uchun dastlabki tergov jarayonida to‘plangan dalillar yetarli emas va uning aybini tasdiqlovchi dalilni to‘plash imkoniyati ham mavjud emas.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, apellyatsiya instansiyasi sudlov hay'ati birinchi instansiya sudining hukmini qonuniy va asosli, deb bo‘lmaydi, deb hisoblab, uni bekor qilishni va apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni lozim topdi.

«Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudining 2018 yil 2 oktyabrdagi Karimov Murodbekni O‘zR JKning 140-moddasi 3-qismining «a» bandi, 236-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topish haqidagi hukmi bekor qilinsin.

Jinoiy hodisa yuz bermaganligi hamda M.Karimovning qilmishida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli O‘zR JPKning 83-moddasi, 2-bandiga asosan reabilitatsiya qilinib, unga nisbatan jinoyat ishi tugatilsin», - deyiladi sud ajrimida.