Jahon | 10:21 / 19.02.2020
6839
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Idlib bo‘yicha Rossiya bilan olib borilayotgan muzokaralardan qoniqish hosil qilmadi

Rossiya va Turkiyaning Suriyaning Idlib viloyatidagi vaziyat bo‘yicha olib borayotgan muzokaralari “hozircha qoniqarli natijalarni olib kelmadi”. Turkiya Rossiya tomonidan taklif qilinayotgan hujjatlar va xaritani qabul qilmagan. 

Ibrohim Qalin / Foto: Emrah Gurel / AP

Bunday fikrni Turkiya prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Qalin bildirdi, deb xabar berdi Haberturk nashri. 

“Turkiya va Rossiyaning Idlib bo‘yicha muzokaralari bizni qondirishi mumkin bo‘lgan birorta natijaga olib kelmadi”, deb aytgan Qalin.  

Uning ta'kidlashicha, Turkiya Rossiya tomonidan taklif qilinayotgan hujjatlar va xaritani qabul qilmagan, biroq Moskva va Anqara muzokaralarni davom ettirishga kelishib olgan. Shu bilan birga Turkiya Sochida erishilgan kelishuvlarning bajarilishini talab qilmoqda. Bu kelishuvlar Idlibda deeskalatsiya hududlarining tashkil etilishi va Suriya hukumati nazoratida bo‘lmagan hudud perimetri bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatishni ko‘zda tutgan.

Qalin Anqara Idlibdagi deeskalatsiya hududidagi kuzatuv punktlari joyini o‘zgartirmasligi va bu hududga “tinch aholini himoyalash maqsadida” qo‘shin va harbiy texnika jo‘natishni davom ettirishini qo‘shimcha qilgan.

Erdo‘g‘anning matbuot kotibi turk harbiylariga hujum sodir etilsa, hujum qilayotgan tomon “qat'iy javob” olishini ta'kidlab o‘tgan. 

U, shuningdek, Suriya hukumati Idlibda erkin tarzda amaliyotlar o‘tkazishi mumkinligiga hech qanday asos yo‘qligini, aynan hukumat qo‘shinlarining hujumlari Suriyadagi tinchlik jarayoniga xalaqit qilayotganini qo‘shimcha qilgan. 

12 fevralda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Moskva va Damashqni Idlibdagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha kelishuvga amal qilmayotganlikda ayblagan. Uning ta'kidlashicha, prezident Bashar Asad kuchlari rossiyalik harbiylar bilan birga mahalliy aholiga hujum qilmoqda. Rossiya mudofaa vazirligida Erdo‘g‘anning bu so‘zlari rad etilib, Idlibdagi ixtilofning avj olishiga Turkiyaning o‘z va'dalarini bajarmayotgani sabab hisoblanishi aytilgan.

Mavzuga oid