Inqilobdan keyingi eng murakkab vaqt
Ayni damda Eron siyosiy va iqtisodiy inqirozni boshdan o‘tkazmoqda. Mamlakatdagi vaziyat 1979 yilgi inqilobdan keyingi eng murakkab holatda. Oxirgi yarim yilda shunchalik ko‘p ishlar bo‘lib ketdiki, parlament saylovlarining natijalariga qiziqish o‘z-o‘zidan ortdi.
Avvaliga odamlar narx-navo, xususan benzin narxi oshganiga norozilik bildirib namoyishga chiqdi. 2019 yil noyabrda bo‘lib o‘tgan bu namoyishlar shunchalik keng qamrov oldiki, bu 1979 yildagi inqilob tantanasidan keyingi eng katta namoyish edi.
Turli manbalarga ko‘ra, noyabrdagi namoyishlarda bir necha yuzlab, yana ba'zi manbalarda 1,5 ming odam o‘ldirilgani aytiladi.
2020 yil yanvarda esa Eron tarixida o‘zgarish qilgan yana bir voqelik sodir bo‘ldi. AQSh prezidenti Donald Trampning shaxsiy topshirig‘iga ko‘ra, Eron iqlom inqilobi muhofizlari korpusi maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy Bag‘dodda o‘ldirildi. Bu nafaqat Erondagi, balki butun dunyodagi voqealarning «oyog‘ini osmondan» qilib yubordi.

Sulaymoniyning qasosini olishga kirishgan Eron AQShning Iroqdagi bazasiga raketa zarbalarini amalga oshirdi. Namoyishlar sabab tarqoqlashib ketish xavfi bo‘lgan mamlakat aynan mana shu voqea sabab birlashdi. Millat Qosim Sulaymoniy janozasiga birlashdi va bu AQSh uchun shunchalik qo‘rqinchli tus oldiki, okeanortida odamlar «Bizni o‘ldirmanglar» degan bannerlar ko‘tarib, tinchlik namoyishlariga chiqishdi. Amerikalik siyosatchilar Eronning qasosidan qo‘rqayotganini yashirishmadi.
Ammo forslarni birlashtirgan bu voqeadan ko‘p o‘tmay voqealar rivojini keskin o‘zgartirgan xato yuz berdi: AQSh bazasiga zarba berayotgan Eron harbiylari «xatolik sabab» Ukraina samolyotini urib tushirishdi.
Oqibatda 176 kishi halok bo‘ldi. Ularning aksari – Eron fuqarolari va Kanada fuqaroligini olgan eronliklar edi. Eron bu ishni xato sabab qilganini rasman tan olgach, Eronda yana namoyishlar boshlandi. Odamlar mamlakatning amaldagi rahbari oyatulloh Ali Xominaiy iste'foga chiqishini talab qilib chiqishdi.
Eronda inqilobdan so‘ng oyatullohning mavqeyi aql bovar qilmas darajada ko‘tarilib ketgan. Rasman Islom Respublikasi deb e'lon qilingan davlatda diniy rahnamoning asosiy boshqaruvchi bo‘lishi tushunarli holat. Mana shunday davlatda oliy diniy rahnamo iste'fosini so‘rab namoyishga chiqishdimi, mamlakat qanday holatda ekanini tasavvur qilavering.










