2007 yil, yanvar. Qahraton qish kunlaridan biri. Qarshining «Nasaf» hamda O‘zbekiston milliy jamoasi safidagi o‘yinlari bilan tanilib ulgurgan 24 yoshli Kamoliddin Kenjayev 2006 yilgi chempionat yakunida bronza medaliga ega chiqib, sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etish uchun klubi bilan birga Qarshidan poyezdda Toshkentga jo‘nab ketishi lozim edi.

Uylanganiga hali ko‘p bo‘lmagan yangi kuyov yaxshi niyatlar bilan erta saharlab «Matiz» avtomashinasida qishlog‘idan chiqib, Yakkabog‘dan Qarshi tomon harakatlanib kelarkan, Xonobodga yetar-yetmas, muzlagan qorli trassada uni quvib o‘tgan yuk avtomashinasining izg‘irin shamoli sabab quyuq tuman va ko‘rish darajasi pasayib ketganligidan yo‘lning burilish qismida boshqaruvni yo‘qotib, avtofalokatga uchradi...

U ko‘zini ochib, sovuqdan hushiga kelgach, pastlikka qulagan mashinasidan chiqishga har qancha urinmasin, oyoqlarini his etmasdi. Ming afsuski, qandaydir soniyalar orasidagi baxsiz hodisa oqibatida umurtqa pog‘onasi singan futbolchi olam-olam orzularidan ham ayrilgan edi...

K.Kenjayevning oilaviy arxividan

...Oradan 13 yil o‘tdi. Yaqinda Qashqadaryoga safar qilgan Kun.uz va Tribuna.uz sayti muxbirlari voha oralab, O‘zbekistonning yaqin o‘tmishdagi eng yaxshi chap qanot himoyachilaridan biri, to‘rt karra sovrindor Kamoliddin Kenjayev o‘sib-ulg‘aygan Yakkabog‘ning chekka qishloqlaridan biri Sovuqbuloqda bo‘ldik. Maqsadimiz 2000-yillar boshida o‘zbekistonlik muxlislar qalbidan joy olgan sobiq futbolchining bugungi hayoti bilan tanishish, hol-ahvol so‘rash edi. Taassufki, kechagina muxlislar olqishi ostida viloyati, mamlakati sharafini munosib himoya qilib yurgan yigitning bugungi og‘ir ahvoli kishi dilini xira qiladi. Qishning sovuq kunlarini oilasi bilan bitta xonada qo‘lbola yasalgan pechda o‘tkazayotgan Kamoliddin to‘shakka mixlanib qolgancha, bizni xijolatli, ammo ochiq yuzda qarshi olgan bo‘lsa-da, aslida yillar davomida o‘zbek futboli ayvonidan chetda qolib, ne-ne azob-uqubatlarni boshdan kechirgan bu yigitning keyingi taqdiriga shuncha payt befarq bo‘lganimizdan ich-ichimizdan xijolat chekdik.

Qishloq maydonidan professional futbolga...

Suhbatni boshlarkanmiz, dastlab Kamoliddin futboldagi ilk qadamlari, katta futbolga o‘tish damlarini yodga oldi.

— Bolaligimdan futbolga qiziqqanman. Qishlog‘imizda kuni bilan to‘p ortidan yugurardim. 1997 yil akam Yakkabog‘ tumanimizning jamoasida shug‘ullanar, bir yil o‘tib, 16 yoshimda men ham ushbu jamoa safida ikkinchi liga o‘yinlarida maydonga tusha boshladim. 1999 yil tumandagi o‘yinlarimdan birini Kurasov familiyali nazoratchi hakam ko‘rib qolib, «Nasaf» murabbiylariga tavsiya qilgan ekan. Ko‘p o‘tmay, «Nasaf» yoshlar jamoasiga taklif etilib, meni sinovdan o‘tkazishgach, 17 yoshimda bu klub a'zosiga aylandim.