New York Times gazetasi, uning ortidan CCN telekanali, Washington Post va Reuters agentligi «o‘z manbalariga tayanib» xabar berishicha, 13 fevralda AQSh milliy razvedka boshqarmasi xodimlari Vakillar palatasining razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mita a'zolari bilan birga Rossiyaning AQShda noyabr oyida o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlariga ehtimoliy aralashishini muhokama qilgan. Brifingda qatnashgan AQSh milliy razvedka boshqarmasi xodimlari Vakillar palatasining xavfsizlik qo‘mitasi a'zolariga Rossiya tomoni Trampni o‘z o‘rnida qoldirish uchun saylovlarga aralashayotganiga dalillar keltirgan.

New York Times manbasiga ko‘ra, Tramp bu brifing haqida unda qatnashgan respublikachilardan xabar topib norozi bo‘lgan va AQSh milliy razvedka boshqarmasi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Jozef Maguayrni lavozimga tasdiqlamagan.

20 fevral kuni esa Tramp Maguayrni boshqarma direktorligidan bo‘shatib, uning o‘rniga Richard Grenellni AQSh milliy razvedka boshqarmasiga vaqtinchalik direktor etib tayinladi (Grenell 2018 yildan buyon AQShning Germaniyadagi elchisi bo‘lib ishlayotgandi). Ma'lumot o‘rnida: AQSh milliy razvedka boshqarmasi jami 17ta turli razvedka boshqarmalarini o‘zida jamlagan.

AQSh milliy razvedka boshqarmasining yangi rahbari razvedka sohasida mutlaqo tajribasi yo‘qligi va u hozirgi vazifasida vaqtinchalik ishlayotganini aytib o‘tdi. Senat tasdiqlashi uchun Tramp bu vazifaga boshqa odamni tayinlaydi. O‘z navbatida Grenell Trampning ashaddiy tarafdori ekanini yashirmaydi.

Richard Grenell
Foto: REUTERS

2016 yilda o‘tkazilgan saylovda ruslarning qo‘li bormidi?

2017 yil boshida, Obama administratsiyasi Oq uyda so‘nggi kunlarini o‘tkazayotgan paytda, AQSh razvedkasi 2016 yilgi saylovlarda Rossiya aralashuvi haqidagi hisobotni taqdim etgandi. Unga ko‘ra, Rossiya tomoni turli yo‘llar bilan saylovga ta'sir etishga uringan. Jumladan, demokratlar partiyasi vakillarining sahifalarini buzib kirib, yozishmalarni kuzatish, ovozlarni sanash jarayoniga ta'sir ko‘rsatish, saylovchilarga yolg‘on ma'lumotlar tarqatib ularni chalg‘itish, ijtimoiy tarmoqlarda respublikachilar partiyasi va Tramp foydasiga targ‘ibotlar uyushtirish kabi ishlarni amalga oshirishgan. Hisobotda yozilishicha, yuqoridagi ishlarni amalga oshirish uchun shaxsan Putinning o‘zi buyruq bergan.