Praga meri Zdenek Grjib shaharda Airbnb orqali xonadonlarni to‘liq ijaraga berishni taqiqlash taklifi bilan chiqdi.
The Guardian xabariga ko‘ra, bunda ko‘zda tutilayotgan taqiq o‘zi ham shu uyda yashab, uning bir yoki bir nechta xonasini sayyohlarga berib turuvchilarga taalluqli emas. Mer bu orqali turistlarda uy egasi ham yashayotgan xonadonning faqat bitta xonasini ijaraga olish imkonini qoldirmoqchi.
Grjibning so‘zlariga ko‘ra, u Chexiya poytaxtini «mahalliy aholiga qaytarib», turizmning shaharga salbiy ta'sirini kamaytirish niyatida.
Uning fikricha, Airbnb’ning bu darajada ommalashib ketgani «shaharni ichdan yeb bitiryapti» va bir vaqtlar Rim imperiyasining poytaxti bo‘lgan Pragani «katta mehmonxona»ga aylantirib qo‘ygan.
Ma'lumot uchun, Airbnb – Amerikaning shu nomdagi kompaniyasi asos solgan platforma bo‘lib, u orqali sayyohlar butun dunyo bo‘ylab xususiy uy-joylarni qisqa muddatga ijaraga olishi, uy egalari esa bu haqda e'lon berishlari mumkin.
«Avvallari faqatgina ma'lum me'yorlar bo‘yicha mehmonxonalar qurilishiga ruxsat berish orqali turistlar sonini cheklashga erishsa bo‘lardi. Hozir esa sayyohlar ijaraga olishi mumkin bo‘lgan turar-joylar sonini nazorat qilish imkonsiz. Vaziyat jiddiy nuqtaga yetib keldi», – degan Praga shahar meri.

1,3 million aholiga ega Pragaga 2018 yilda deyarli 8 million turist kelgan. Shahar infratuzilmasi bunday darajadagi sayyohlar oqimiga bardosh berolmayapti.
Airbnb tobora ommalashib, sayyohlar oqimi yildan yilga oshib boryapti. Ilgari sokin bo‘lgan tumanlar hozir gavjum joylarga aylangan.
Praga rejalashtirish va rivojlantirish institutining hisobotiga ko‘ra, Airbnb’da ijara uchun e'lon berilgan turar-joylar soni 2016 yil martida 5537tani tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilning may oyida 13 mingdan ortib ketgan.
Mahalliy aholi shovqin va turar-joylar narxi oshib ketayotganidan shikoyat qilyapti.
Merning so‘zlariga ko‘ra, Praga fuqarosi shaharda xonadon sotib olishi uchun unga yillik maoshidan 14 baravar ko‘p mablag‘ kerak bo‘ladi.
















