U tashrifini mamlakat g‘arbidagi Gujarot shtatida joylashgan Ahmadobod shahridan boshladi. Bu yerda u jahondagi eng yirik kriket stadioni bo‘lmish «Motera» stadionida chiqish qildi.

Prezidentning nutqini stadionda yig‘ilgan 100 mingdan ortiq kishi tingladi, ular orasida asli gujarotlik bo‘lgan, ba'zida «hind Trampi» deb ham ataluvchi Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ham bor edi.

Trampning tashrifidan maqsad sifatida jahondagi ikki yirik demokratik davlat o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish aytilgandi. Hindistondagilar Trampning «Motera»dagi chiqishini Modining 2019 yil 22 sentyabrida Hyustonda qilgan chiqishiga tenglashtirishmoqda.

Trampni qarshilash stadionga eltuvchi yo‘ldayoq boshlangandi: «Motera»gacha yo‘l (22 km) bo‘ylari ikki davlat rahbarlari tasvirlangan va turli shiorlar aks etgan bilbordlar bilan to‘lgandi. Yo‘l bo‘yida AQSh prezidenti sharafiga mamlakatning turli shtatlarining madaniyatini ifodalovchi artistlar va folklor jamoalari ishtirokida chiqishlar uyushtirildi.

Gujarot ahli Trampni olqishladi / GETTY IMAGES

Stadionga AQSh prezidenti britaniyalik musiqachi Elton Jonning musiqasi sadolari ostida kirib keldi. Hind xalqiga murojaatini Donald Tramp «namaste» (hindcha salomlashish) so‘zi bilan boshladi va olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Keyin prezident Hindiston tarixidagi muhim lahzalarni yodga oldi - qadimiy davrlardan tortib kriket va Bollivud zamonigacha. U shunday dedi: «Hindiston hamisha mening qalbimda alohida joyga ega bo‘ladi».

Tramp hindlar qarshisiga Elton Jon musiqasi sadolari ostida chiqib keldi

Tramp Modi haqida iliq fikrlar bildirdi: «Uni barcha sevadi, ammo men aytishim kerakki, u murakkab shaxs. Siz nafaqat Gujarot faxrisiz, balki hindlar qiyinchiliklarni yengib o‘tib o‘z maqsadiga erisha olishining jonli timsolisiz».

Shu bilan birgalikda, Tramp odatdagi kabi ayrim atamalarni talaffuz qilishda xatolarga yo‘l qo‘ydi. Bu safar u Ahmadobod shahri nomini to‘g‘ri ayta olmadi, shuningdek, hind faylasufi Svami Vivekanandaning nomini aytishga qiynaldi. Hindlarning qadimiy diniy matnlari bo‘lmish Vedalar esa uning tilida «Vestalar» bo‘lib yangradi.