Muxlislarni katta o‘yinlar kutmoqda — Chempionlar ligasi pley-off bosqichida boshqachasi bo‘lmaydi. Bu bosqichga teng kuchli jamoalar yetib kelishadi. Klublarning maqsadlari ham o‘xshash, tarkiblar va undagi yulduzlar ham teng kuchli. Quyida bugun o‘zaro to‘qnashadigan jamoalarning hozirgi holati, taktikalari, so‘nggi natijalari va tarkiblardagi yo‘qotishlari asosida imkoniyatlari tahlil qilinadi. «Barselona» safar o‘yinida Suaressiz qanday ko‘rinadi, asosiy himochisini yo‘qotgan «Napoli» Kulibalisiz qanday o‘ynaydi?
Bu oqshomda ko‘pchilikning e'tibori jamoalar murabbiyi ishiga ham qaratiladi. Aniqroq aytganda, bu mutaxassislar maksimal darajadagi bosim ostida o‘zlarini qanday his qilishadi. Bu mavzu haddan tashqari dolzarb, chunki bugun o‘ynaydigan 4 jamoaning murabbiylari uchun bu o‘yinlar Chempionlar ligasi pley-off bosqichidagi debyut hisoblanadi.
«Napoli» - «Barselona» (Toshkent vaqti bilan 26 fevral kuni soat 1:00, javob o‘yini 18 mart)
«Napoli» va «Barselona»da mavsum davomida murabbiy almashgan: Jyennaro Gattuzo Karlo Anchelotti o‘rniga, Kike Seten — Ernesto Valverde o‘rniga kelgan.

«Napoli» asosan 4-3-3 sxemasida harakatlanadi va to‘pga egalik qilishga e'tibor qaratadi. Neapolitanliklar jamoasida yaxshigina ijrochilardan tarkib topgan hujum chizig‘i mavjud: Lorenso Insine, Dris Mertens, Arkadiush Milik va Matteo Politano. Gattuzo qishda «Leypsig»dan tayanch yarimhimoyachisi Diyego Demmeni sotib oldi va maydonning markaziy qismini mustahkamladi. Mudofaa chizig‘i markazida jarohat tufayli Xolid Kulibali o‘ynamaydi, uning yo‘qligini Nikola Maksimovich va Kostas Manolas bilintirmaslikka harakat qilishadi.
«Napoli» — balansga ega jamoa, qolaversa, futbolchilarda kurashuvchanlik yetarli, jamoani yevrokuboklarda futbolchi sifatida katta tajribaga ega bo‘lgan, ikki marta YeChLda g‘olib bo‘lgan murabbiy boshqaradi. U kuchli raqibga osonlikcha taslim bo‘lmasligi aniq. Hozirgi «Napoli» «Milan»ning oltin davrlaridagi jamoadan tarkib sifatida kuchsizroq, lekin neapolitanliklar Karlo Anchelotti ketgach o‘ziga kela boshladi va A Seriya yetakchilari safiga qaytmoqda.
Chempionlar ligasida saviyali futbolchilarni tarkibga jamlashning o‘zi kifoya qilmaydi. Xarizma ham kerak. Gattuzoda esa bu keragidan ortiq. Buni futbol nuqtayi nazaridan to‘g‘ri qo‘llay olish muvaffaqiyat keltirishi mumkin chunki Chempionlar ligasi — g‘oyalar raqobatidir. Bu turnirda daraja ko‘p narsani belgilamaydi, Xosep Gvardiolaning «Barselona»si o‘z vaqtida Joze Mourinoning «Inter»i qarshisida ojiz qolgandi.


















