Eron sog‘liqni saqlash va tibbiy ta'lim vaziri o‘rinbosari Iroj Xarirchining koronavirusga topshirgan testi ijobiy natija bergan. 

Dushanba kuni hukumat vakili Ali Robiy bilan birga o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida u bir necha marta yo‘talgan, doimiy ravishda yuzidagi terni artib turgan, uning o‘zi hukumat Covid-19 koronavirusidan zararlanish bo‘yicha hech qanday ma'lumotlarni yashirmayotganini aytgandi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda mamlakatda virusdan zararlanganlar soni 95 nafarga yetdi, ammo haqiqiy raqamlar bundan butunlay boshqacha ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Koronavirus: Pandemiya boshlandimi yoki yo‘q, qo‘rquvga hojat bormi?

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Eronda koronavirus tarqalishi avj olishi barchani xavotirga solayotganini ta'kidlab o‘tgan.

O‘z navbatida, AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Vashington Eron epidemiya bo‘yicha faktlarni yashirayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanayotganini aytib o‘tgan va mamlakat hukumatini koronavirus to‘g‘risidagi haqiqatni aytishga chaqirgan.

Eron ayni vaqtda koronavirusdan o‘lim holatlari bo‘yicha Xitoydan keyingi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etmoqda.

Bu mamlakat ayni vaqtda koronavirus epidemiyasining uchinchi yirik o‘chog‘iga aylangan va ekspertlar bu pandemiya boshlanganidan darak berishi mumkinligidan xavotirlanishmoqda. Yana ikki o‘choq esa Janubiy Koreya va Italiya shimolidir, bu hududlarda ham so‘nggi kunlarda koronavirus yuqishi bilan bog‘liq holatlar soni o‘sib ketgan.

Eron prezidenti fuqarolarni sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘rsatmalariga rioya qilishga chaqirgan / AFP

Seshanba kuni Eronning yana bir taniqli siyosatchisi, parlament deputati Mahmud Sodig‘iy ham virusdan zararlangani haqida ma'lum qildi.