Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Sport klublari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.
Nizomga ko‘ra, sport klubi O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan tartibda ixtiyoriy tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilishi mumkin.
Sport klubi yuridik shaxs hisoblanib, o‘z ustaviga, mustaqil balansiga, shaxsiy hisob raqamlariga, sport klubi tasviri tushirilgan, o‘z nomi yozilgan muhrga va burchakli shtampga hamda blankaga ega bo‘ladi.
Sport klubi sport turlarining reyestriga kiritilgan bevosita sport faoliyati bilan bog‘liq amaliy va nazariy sport tadbirlarini amalga oshiradigan, yosh toifalari bo‘yicha sportchilarni tayyorlaydigan va ularni huquqiy va moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlaydigan sport tashkiloti hisoblanadi.
Sport klublarida Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan hamda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilmagan sport turlarini, shuningdek, O‘zbekiston milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini rivojlantirishga yo‘l qo‘yiladi.
Sport klubi bir yoki bir nechta sport turlari (xalq o‘yinlari)ni rivojlantirish yuzasidan o‘z faoliyatini olib borishi mumkin.
Sport klubi sportchining Respublika va xalqaro sport musobaqalari ishtirok etish uchun bo‘ladigan sarf-xarajatlarini moliyalashtirishga majbur emas.
Sport klubi sportchilarning yuqori sport natijalariga erishganligi uchun o‘z imkoniyati darajasida rag‘batlantirishni amalga oshiradi.
Sport klubi faoliyati qat'iy ixtisoslashtirilgan yoki kompleks yo‘nalishda professional va ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin:
professional sportga yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlashni ko‘zda tutadi;
ommaviy sportni tashkillashtirish, o‘tkazish va ularning huquqiy jihatdan to‘g‘ri tashkil etilishini nazorat qilish ishlarini amalga oshiradi;
sog‘lig‘ida ma'lum bir nuqsonlari bo‘lgan shaxslar yoki nogironlarning va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarning to‘liq yoki qisman tiklanishiga ko‘maklashish ishlarini amalga oshiradi.
Aholini jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish sport klubi tomonidan pullik, bepul yoki imtiyozli ravishda amalga oshiriladi.














