O‘zbekiston | 16:49 / 27.02.2020
7518
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishlatilgan batareykalarni yig‘ib olish uchun konteynerlar o‘rnatiladi

Ishlatib bo‘lingan batareykalar tarkibida zaharli moddalar - qo‘rg‘oshin, kadmiy, simob, nikel, rux va boshqa moddalar bo‘lganligi tufayli ularni umumiy chiqindilarga tashlamaslik kerak.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi butun mamlakat bo‘ylab keyinchalik utilizatsiya qilish maqsadida ishlatilgan batareykalarni yig‘ish uchun konteynerlarni o‘rnatish tashabbusi bilan chiqdi, deb xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati.

Qo‘mitaning ta'kidlashicha, ishlatib bo‘lingan batareykalar tarkibida zaharli moddalar - qo‘rg‘oshin, kadmiy, simob, nikel, rux va boshqa moddalar bo‘lganligi tufayli ularni umumiy chiqindilarga tashlamaslik kerak. Agar ular boshqa maishiy chiqindilar orasida poligonga tushib qolsa, u holda qoplama asta-sekin yemiriladi va xavfli unsurlar tuproq, yer osti suvlara, so‘ngra yer usti suvlariga qo‘shilib ketadi. Agar batareyka chiqindilar yondiriladigan zavodga tushsa, zararli birikmalar havoni ifloslantiradi.

«Ilgari respublika aholisida ishlatilgan batareykalardan xalos bo‘lishning yo‘llari kam edi. So‘nggi paytlarda maishiy chiqindilarga munosabat sohasida katta o‘zgarishlar boshlandi, ixtisoslashgan korxonalar Davlat ekologiya qo‘mitasi bo‘ysunuviga o‘tdi. Sohada yig‘ilib qolgan muammolar, shu jumladan batareykalarni utilizatsiya qilish masalalari bosqichma-bosqich hal qilinmoqda", - deyiladi qo‘mita tomonidan.

Qo‘mita rahbariyatining 31 yanvardagi topshirig‘iga ko‘ra, "Toza hudud" va "Maxsustrans" DUKning barcha hududiy bo‘linmalariga batareykalarni yig‘ish uchun birinchi navbatda chiqindilarni yig‘ish punktlarida maxsus idishlar o‘rnatishni boshlash topshirildi. Xuddi shunday taklif sanitar tozalov sohasidagi xususiy kompaniyalarga ham berildi. 

Dastlabki yangi konteynerlarni Toshkentda va Farg‘ona viloyatida ko‘rish mumkin. Ularni tanib olish juda oson - shakli va ko‘rinishidan ular batareykalarni eslatadi. 

Bugungi kunda poytaxtda "Maxsustrans" DUK ning 530ta va va xususiy sanitar tozalov kompaniyalarining 171ta konteynerlari paydo bo‘ldi. Konteynerlar o‘rnatish ishlari davom etmoqda va ular barcha chiqindilarni yig‘ish joylarini qamrab oladi.

Ularni keyingi qayta ishlash masalasi hal qilinishi lozim, chunki respublikada hozircha tegishli ishlab chiqarish quvvatlari yo‘q. Ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan yana bir variant -batareykalarni utilizatsiya qilish uchun xorijga yuborish.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid