Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi bo‘yicha tekshirishlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.
Nizomga ko‘ra, davlat inspeksiyasi, boshqarmalar va ularning filiallari tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi bo‘yicha tekshirishlarni o‘tkazish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
tadbirkorlik sub'yektlarda:
tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar;
vakolatli organ bilan kelishilgan holda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar;
tadbirkorlik sub'yekti hisoblanmaydigan yuridik va jismoniy shaxslarda:
rejali tekshirish;
rejadan tashqari tekshirish;
nazorat tartibida tekshirish.
Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar va rejali tekshiruvlar belgilangan tartibda tasdiqlangan tekshirishlarning yillik reja-jadvali (grafik)ga muvofiq amalga oshiriladi.
Filiallar tomonidan tekshirish rejalashtirilayotgan yildan oldingi yilning 15 noyabrigacha bo‘lgan muddatda tekshirishlar rejasi loyihasida yuridik va jismoniy shaxslarning to‘liq nomi, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, manzili, faoliyat turi, tekshirish davriyligini aniq ko‘rsatgan holda boshqarmalarga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Agar qonun hujjatlarida boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, boshqarmalar tomonidan keyingi yil uchun tekshirishlar rejasi Davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan xolda 15 dekabrga qadar tasdiqlanadi. Tasdiqlangan tekshirishlar rejasi 20 dekabrga qadar Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning tekshirishlar rejasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa organ yoki tashkilotlar bilan kelishiladi.














