«Lion» — «Yuventus» — 1:0 (1:0)
Gol: Tuzar, 31.
«Lion»: Antoni Lopesh, Marselu, Denayyer, Dyubua (Tete, 78), Marsal, Tuzar, Auar, Gimarayns, Dembele, Korne (Annersen, 81), Toko-Ekambi (Terre, 66).
«Yuventus»: Shchensni, Bonuchchi, Danilu, Aleks Sandru, de Ligt, Pyanich (Remsi, 61), Rabo (Bernardeski, 78), Bentankur, Krishtianu Ronaldu, Kuadrado (Iguain, 70), Dibala.
Ogohlantirishlar: Marselu, 28. Korne, 61.
Hakam: Xil Mansano (Ispaniya).
26 fevral. Lion. «Lyumer» stadioni.

Fransuzlar taktikasi
O‘yinga bir necha kun vaqt qolganida «Lion» bosh murabbiyi Rudi Garsiya Ronalduni qanday to‘xtatish bo‘yicha savolga hazil bilan javob qaytargandi: «U chegarada qolishi kerak, chunki u Lionda o‘ynashni istamasligi mumkin». Garsiya Krishtianu bo‘yicha alohida reja tuzishdan ma'no yo‘qligi, «Yuve» boshqa kuchli futbolchilar ham — Dibala, Iguain va boshqalar borligini aytgandi...

«Lion» chindan ham portugaliyalik yulduz uchun maxsus taktika tuzmadi, ammo «Yuventus»ga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rildi. Garsiya vaqtida fransuzlar jamoasi to‘rt himoyachi bilan o‘ynashga odatlandi, jamoa bu mavsumda uch himoyachi bilan maydonga chiqqan o‘yinlarida yutqazgan, masalan — «PSJ»ga qarshi uy o‘yinida (0:1) va «Sent-Eten»ga qarshi safar o‘yinida (0:1). Derbidagi mag‘lubiyatdan keyin («Sent-Eten») «Lion» Silvinoni bosh murabbiylik lavozimidan bo‘shatdi va Rudi Garsiyani tayinladi. Uning boshqaruvi jamoa to‘rt himoyachi bilan harakatlangan o‘yinlarida yutqazmadi.

Ammo o‘tgan turda Garsiya tajriba qildi — «Lion» 3-4-1-2 sxemasida o‘ynadi va safarda «Mets»ni mag‘lub etib, chempionatda to‘rt o‘yin davom etgan g‘alabasiz seriyasiga yakun yasadi. Chorshanba kuni jamoa yana uch himoyachilik sxemada maydonga chiqdi va yana g‘alaba qozondi.

Yangi futbolchining ta'siri
Ehtimol, Garsiya futbolchilarning bu tariqa joylashuvini «Yuventus»ga qarshi o‘yin uchun tayyorlamagandir, ammo «Mets»ga qarshi o‘yinga «Lion»ning yangi xaridi Brunu Gimarayns maydonga tushishga tayyor bo‘ldi. Bu 22 yoshli markaziy yarimhimoyachi ajoyib texnikaga ega, «Arsenal» va «Atletiko» klublari qishda uni «Atletiko Paranaense»dan sotib olishga rosa harakat qilishdi, ammo «Lion» sport direktori Juninoning aloqalari va bergan va'dalari ushbu transferni hal qildi. Brununi eslab qoling — bu yosh havbekni katta kelajak kutmoqda.