Avvalroq Ansa axborot agentligi bu bo‘yicha qaror qabul qilib bo‘lingani, ammo Italiya ta'lim vaziri bunday chora hozircha tasdiqlanmagani, yaqin soatlar mobaynida bu masala hal qilinishi haqida aytgani haqida xabar tarqatdi.

AFP

Italiya ayni vaqtda Yevropada ushbu virusdan zararlanganlar eng ko‘p mamlakat bo‘lib turibdi: 2260 kishi. So‘nggi bir kun ichida ushbu koronavirus keltirib chiqargan infeksiyadan 20 nafar bemor o‘lim topdi.

Mamlakat bosh vaziri Juzeppe Konte tez orada virus avj olishiga qarshi qo‘shimcha choralar haqida ma'lum qiladi, jumladan, Italiya hukumati mamlakat shimolidagi karantin hududini (Milan yaqinidagi Bergamo shahri atrofida) kengaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Vazirlar Mahkamasi ko‘rib chiqayotgan yangi cheklovlar butun mamlakat hududida 30 kun mobaynida amalda bo‘ladi. Odamlar ko‘chada qo‘l berib so‘rashishi, quchoqlashishi va ko‘chadagi uchrashuvlar vaqtida o‘pishib ko‘rishishi taqiqlanishi mumkin. Shuningdek, jamoat joylarida odamlar bir-biriga bir metr masofagacha yaqinlashishi taqiqlanishi ham mumkin.

Kutilganidek, konferensiyalar, biznes-uchrashuvlar qoldirilgan, sport tadbirlari esa, ayniqsa futbol uchrashuvlari muxlislarsiz o‘tkaziladi.

Hukumat 75 yoshdan katta fuqarolarga ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilmoqda. Bunday cheklovlar sog‘ligi yaxshi bo‘lmagan 65 yoshlilarga ham taalluqli bo‘ladi.

Hindiston dori-darmon eksportini cheklaydi
Koronavirus tarqalishi tibbiy dori-darmonlar tanqisligiga olib kelishi mumkin - bu shunday mahsulotlarning eng yirik ishlab chiqaruvchisi va yetkazib beruvchisi bo‘lgan Hindiston dori-darmonlar eksportini sezilarli darajada kamaytirganini e'lon qilgani bilan bog‘liq.

Ayni vaqtda Hindistonda virusdan zararlanganlar soni 28 kishiga yetgan - bugun 22 nafar hindistonlikda virus aniqlandi.

Hindiston jahon bozoriga 26 turdagi jyeneriklarni (tarkibiga turli preparatlarni oluvchi faol moddalar) chiqarishni chekladi, bunday cheklovlar ular asosida tayyorlangan boshqa dori vositalariga, jumladan paratsetamolga (dunyodagi eng mashhur isitma tushiruvchi va og‘riq qoldiruvchi dori) ham taalluqlidir.

Ro‘yxatdan bir necha turdagi antibiotiklar (tinidazol va eritromitsin, progesteron gormoni va V12 vitamini) ham o‘rin olgan.