Jahon | 14:09 / 05.03.2020
7672
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropadagi eng yirik hududiy aviakompaniya koronavirus sababli inqirozga uchradi

Mamlakat transport vaziri Grant Shepps hukumat Flybe xodimlariga yangi ish topishda yordam berishini aytdi.

Foto: REUTERS/Phil Noble/File Photo

Yevropadagi eng yirik hududiy aviakompaniya bo‘lgan Britaniyaning Flybe aviakompaniyasi hukumat unga 100 mln funt kredit berishni rad etganidan so‘ng tashqi boshqaruvga o‘tdi. Aviakompaniyaning barcha reyslari bekor qilindi. Koronavirus aviakompaniya inqirozga uchrashiga sabablardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda. 

Kompaniyada 2000 xodim ishlaydi, ular ishsiz qolishi mumkin, deya qayd etadi VVS.

Flybe bosh direktori qo‘l ostidagilariga yozgan maktubida barcha sa'y-harakatlarga qaramasdan, kompaniya o‘z ishini davom ettirish uchun pul topa olmaganini ma'lum qildi.  U vaziyatdan chiqish yo‘li yo‘qligini aytdi. 

Flybe yanvarda moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolarga duch kelgandi. Kompaniya yetti hafta davomida hukumat bilan moliyaviy yordam borasida muzokara olib bordi, ammo rad javobini oldi.  

Mamlakat transport vaziri Grant Shepps hukumat Flybe xodimlariga yangi ish topishda yordam berishini aytdi.

COVID-19 koronavirusi tarqalishi sababli yanvardan buyon dastlab Xitoy bilan, so‘ngra kasallik tarqalgan boshqa davlatlar bilan qatnovlarga cheklov o‘rnatilgan. Aviakompaniyalar reyslarni bekor qilmoqda va zarar ko‘rmoqda.

Flybe 40 yil davomida Britaniya aviatsiyasining yetakchi kompaniyalaridan bo‘lgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid