Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Nizomga ko‘ra, vazirlik oila, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
Vazirlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.
Vazirlik tizimiga quyidagilar kiradi:
markaziy apparat;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi;
viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari;
tumanlar (shaharlar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari;
O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi;
Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi;
O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi;
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi;
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa tashkilotlar.
Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining to‘laqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama ko‘maklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini o‘rnatish;
oila institutini mustahkamlash bo‘yicha, eng avvalo, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatini olib borish, notinch va muammoli oilalarga manzilli ko‘maklashishni tashkil etish;
xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta'minlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta'minlash;














