71 yoshli erkak chorshanba kuni Sakramentodagi klinikada vafot etdi. Xabar qilishlaricha, u koronavirusdan zararlanishidan oldin boshqa kasali bo‘lgan.
Bu Kaliforniyada Covid-19 xastaligidan ilk o‘lim holati bo‘ldi, ayni vaqtda AQShda virus qurbonlari soni o‘n bir kishini tashkil etmoqda. Bu ma'lumotdan keyin Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom shtatda favqulodda holat e'lon qildi.
«Grand prinsess» kruiz layneri fevral oyida Yaponiyada uch haftaga yaqin vaqt davomida karantin holatida tutib turilgan «Daymond prinsess» seriyasiga mansub bo‘lib, u ham Carnival kompaniyasiga tegishli hisoblanadi. Bu kema 21 fevral kuni Meksikadan qaytgan, ko‘p o‘tmay Havayiga yo‘l olgandi.
Avvalgi kruiz yo‘lovchilaridan birida Covid-19 aniqlangach, bu reys to‘xtatilgan, kema Kaliforniya qirg‘oqlari yaqinida ochiq suvda karantin holatiga o‘tkazilgan
Kemada ikki kruizda ham qatnashayotgan 62 kishi bo‘lgan. Bu yo‘lovchilar o‘z kayutalarida izolyatsiya qilingan, qolgan yo‘lovchilar esa kema bo‘ylab erkin harakatlanishi mumkin.
Mark Peys va uning rafiqasi Bet CNN telekanaliga yo‘lovchilarning ko‘pchilik qismi uchun yagona karantin chorasi - bufetda tarelkani yuvilmagan qo‘l bilan ushlamaslik va o‘ziga ovqat solmaslik ekani haqida aytishgan.
Mark Peysning so‘zlariga ko‘ra, u kruizga otlanar ekan, o‘zi bilan leptop va ikki haftaga o‘zi hamda rafiqasi uchun yetarli bo‘lgan dori-darmonlar olgan - u karantin ehtimolini hisobga olgan.
Tibbiyot xodimlari «Grand prinsess»ning 11 yo‘lovchisi va ekipajning 10 a'zosini koronavirus yuqtirishda gumonlamoqda.
- So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda koronavirusdan zararlanganlar soni 96 336 nafarga yetgan, 3303 kishi vafot etgan, 53 457 kishi tuzalib ketgan.
AQShda virus bilan bog‘liq vaziyat
Bungacha koronavirus keltirib chiqargan Covid-19 pnevmoniyasi oqibatida 10 nafar amerikalik vafot etgan, bu o‘limlarning barchasi mamlakat shimoli-g‘arbidagi Vashington shtatida qayd etilgandi.
Mamlakatning 16ta shtatida jami 150 kishi virusdan zararlangan, ularning aksari Vashington, Texas va Nebraska shtatlariga to‘g‘ri keladi. Uchta shtatda favqulodda holat joriy etilgan: Vashington, Florida va Kaliforniya.
Federal hukumat mamlakatga so‘nggi 14 kun mobaynida Xitoy hududida bo‘lgan xorijliklar kirishini taqiqlagan.
Prezident Donald Tramp tomonidan koronavirus tarqalishiga qarshi kurashga mas'ul etib tayinlangan vitse-prezident Mayk Pens chorshanba kuni mamlakatning har bir fuqarosi koronavirusni aniqlash testidan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligini ta'kidladi. Shu munosabat bilan AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi qator byurokratik cheklovlarni bekor qildi - bundan maqsad tadqiqotlar o‘tkazish jarayonini tezlashtirishdir.










