15:48 / 07.03.2020
0
8637

O‘zbekistonda suv xo‘jaligi sohasida islohot kutilyapti

2020-2030 yillarda suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan

Foto: KUN.UZ

Harakatlar strategiyasini “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, 2020 yil 1 aprelga qadar O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihada:

Konsepsiyada belgilangan vazifalarni bajarish orqali 2030 yilga borib erishiladigan natijalarning ko‘rsatkichlari;

sug‘orish tizimlarining foydali ish koeffisentini 0,63 dan 0,73 gacha oshirish;

sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, foydalanishdan chiqqan 298 ming gektar yerni foydalanishga qaytarish;

nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish va energiya tejamkor tadbirlarni amalga oshirish orqali elektr energiya sarfini hozirgi 7,6 mlrd kVt. soatdan 7 mlrd kVt. soatga kamaytirish;

suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, 2025 yilgacha suvni tejaydigan texnologiyalarini 1 mln gektarga yetkazish, tomchilatib sug‘orish tizimini 300 ming gektardan oshiq maydonda joriy etish;

suv xo‘jaligi obektlarini boshqarish jarayonlarini, suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish tizimini avtomatlashtirish;

“Smart Water” qurilmalari o‘rnatilgan obektlar sonini 2025 yilgacha 400 ta yetkazish va 2030 yilga borib 1000 tadan oshirish;

barcha nasos stansiyalarini elektr energiya sarfini onlayn monitoring qilish tizimiga o‘tkazish;

loyiha tashkilotlarini moddiy texnik bazasini yaxshilash va ularning salohiyatini oshirish hamda loyiha hujjatlari sifatini oshirish;

davlatlararo munosabatlarni yaxshilash va transchegaraviy suv masalalari nazarda tutiladi.

Ijro uchun mas'ullar - Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Davlat ekologiya qo‘mitasi, vazirlik va idoralar.

Shuningdek, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, irrigatsiya va melioratsiya obektlarining xavfsiz va barqaror ishlashini ta'minlash, suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanish rejalashtirilmoqda.

Bu borada amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Bunda:

421 km magistral, tumanlararo va xo‘jaliklararo kollektorlar tizimini, 94 km yopiq yotiq drenajlar, 214 km kanallar, 66 km lotok tarmoqlarini hamda 24 ta gidrotexnik inshootni qurish va rekonstruksiya qilish;

326,5 ming gektar maydonning sug‘orish tizimini, 198,2 ming gektar maydonning meliorativ holatini yaxshilash nazarda tutiladi.

Ijro uchun mas'ullar - Suv xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari.

Bundan tashqari, 2020 yilda 44 ming gektarda yoki o‘tgan yilga nisbatan qariyb 4 barobar ko‘p maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish mo‘ljallangan.

Tegishli amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Bunda:

135 mln kub. metr suv va boshqa resurslarni iqtisod qilish, 20 ming gektar takroriy ekin maydonlarini kafolatli suv bilan ta'minlash choralari;

2020 yilda jami 43 825 gektarga suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish nazarda tutiladi.

Ijro uchun mas'ullar - Moliya vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top