Videoda davlatlararo yuk tashish bilan shug‘ullanadigan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari murojaat bilan chiqib, 23 fevraldan buyon koronavirus infeksiyasi sabab chegaralarning yopilgani natijasida Eron Islom Respublikasi “Lutfobod” bojxona postidagi terminal ichida qolib ketishganligini, vatanga qaytishning imkoni bo‘lmayotganligini, bu haqida tegishli konsullik idoralariga qilgan murojaatlari javobsiz qolganligini ma'lum qilishgan.

Shuningdek, haydovchilar o‘z murojaatlarida Eronning kasallik avj olgan hududi ular turgan joydan ming kilometr uzoqlikda ekanligi, fuqarolarning hech biri kasallikka chalinmaganligi va sog‘lomligi aytiladi.

Fuqarolar davlat rahbaridan vatanga qaytishda amaliy yordam so‘ragan.

Hozircha, ushbu hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi yoki Transport vazirligi biror bir munosabat bildirmagan.

Kun.uz bu masala bo‘yicha tegishli vazirliklar bilan bog‘lanib, ma'lumot olishga urinib ko‘radi.