Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yo‘lovchilar avtovokzallari, avtostansiyalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, avtovokzallar (avtostansiyalar) majburiy ravishda pasport olishi shart. Avtovokzal (avtostansiya) pasportini berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Avtovokzallar (avtostansiyalar) shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobil qatnovi yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashish harakatini tezkor boshqarish maqsadida, shaharlarda, aholi yashash joylarida va avtomobil trassalarida, yo‘lovchilar to‘planadigan manzillar va oxirgi bekatlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun tashkil etiladi.

Avtovokzal (avtostansiya) quyidagilarni o‘z ichiga oladi (kategoriyasi va klassi hisobga olingan holda):

a) yo‘lovchilar kutish uchun mo‘ljallangan binolar va xonalar, chipta kassalari, bolali yo‘lovchilarga mo‘ljallangan xonalar, haydovchilar va yo‘lovchilarning uzoq vaqt dam olishiga mo‘ljallangan xonalar (mehmonxona), ma'muriyat xonasi, qo‘l yukini saqlash xonalari, militsiyaning xizmat xonalari, yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash uchun monitor orqali kuzatish uchun texnologik anjomlar o‘rnatilgan xizmat xonalari, madaniy-maishiy va sanitariya-gigiyena maqsadidagi xonalar (avtovokzallarda);

b) yo‘lovchilarni chiqarish va tushirish perronlari, reyslar o‘rtasida avtotransport vositalari to‘xtab turadigan maydonchalar, texnik ko‘rikdan o‘tkazish (avtovokzallarda) va avtotransport vositalari salonlarini tozalash postlari;

v) shahar transporti, shu jumladan taksi sifatida ishlatiladigan avtomobillar kirib kelishi va turishi uchun (avtovokzallarda) mo‘ljallangan avtovokzal oldi maydoni;

g) avtovokzal (avtostansiya) hududi bo‘ylab va chiqarish/tushirish perronlarida nogironlar aravachalari uchun mo‘ljallangan shoxobcha yo‘llar, nogironlarni aravachalari bilan chiqarish va tushirish uchun jihozlangan joylar.

Yo‘lovchilarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida avtovokzal (avtostansiya) perimetri bo‘yicha to‘siqlar hamda videokuzatish kameralari (yo‘lovchilarning kutish zallarida, chipta kassalarida hamda yo‘lovchilar ko‘p to‘planadigan boshqa joylarda) o‘rnatiladi, avtovokzallar (avtostansiyalar)ga kirish/chiqish joylarida yo‘lovchilar va ularning bagajini tekshirish uchun turg‘un metall detektorlar bilan jihozlangan tekshirish postlari va shlagbaumlar tashkil etiladi.