Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte karantin choralarini butun mamlakat bo‘ylab qo‘llash, jumladan, ommaviy tadbirlarni bekor qilish, butun mamlakatdagi maktablarni yopish to‘g‘risida farmoyish berdi. Bungacha karantin faqat shimoldagi viloyatlarga joriy etilgandi.

Endilikda Italiyada barcha sport musobaqalari, shu jumladan futbol bo‘yicha A Seriya bahslari ham to‘xtatib qo‘yildi.

«Endi vaqt yo‘q. Raqamlar kasallik yuqtirib olganlar soni oshib ketganini ko‘rsatib turibdi, o‘limlar soni ko‘paydi. Biz butun Italiya uchun biror nimani qurbonlik qilishga majburmiz. Mana nima uchun bunday og‘ir choralar ko‘rmoqdamiz. A Seriya va barcha sport musobaqalari vaqtincha to‘xtatiladi. Muxlislar buni qabul qilishi kerak», dedi bosh vazir.

«Qabul qilingan qonunni «Men uyda o‘tiraman», deya tushuntirgan bo‘lardim», deya qo‘shimcha qilgan hukumat rahbari.

Bu vaqtda Italiyadagi 27ta qamoqxonadagi mahbuslar koronavirus tarqalishiga qarshi qo‘llangan yangi cheklovlar tufayli isyon ko‘tarishdi. 

Neapol shahridagi qamoqxona tomida mahbuslar koronavirus tufayli norozilik aksiyasi o‘tkazmoqda
Foto: Shutterstock

Tartibsizliklar mamlakat shimolidagi Modena shahrida boshlandi. U yerdagi Santa-Anna qamoqxonasida uch mahbus halok bo‘lgan, yana uch kishi shifoxonaga olib borilganida vafot etgan. Xabar qilinishicha, ularning kamida ikki nafari qamoqxona lazeretidan o‘g‘irlangan metadon (geroinning muqobili) dozirovkasi tufayli jon bergan.

EPA

Milandagi San-Vittore qamoqxonasida mahbuslar korpuslardan biriga o‘t qo‘yib yuborishgan, keyin qamoqxona tomiga chiqib olishgan - ular infeksiya tufayli hukumat mahbuslarning qamoqxonaga kelishini cheklaganiga norozilik bildirishgan.

Mamlakat janubidagi Fodja shahridagi qamoqxonadagi tartibsizliklar vaqtida 20 kishi qochib ketgan, ammo ularning aksari tez orada qo‘lga olingan. Shuningdek, Neapol va Rimdagi qamoqxonalarda ham isyonlar bo‘lib o‘tgan.

  • Italiyada ayni vaqtda koronavirusdan zararlanganlar soni 9172 nafarni tashkil etmoqda, virus qurbonlari soni 463 nafar. 724 kishi sog‘aygan.

Isroil esa mamlakatga keluvchilarning barchasini 14 kunlik karantinga joylashtirmoqda. Bu haqda e'lon qilgan bosh vazir Binyamin Netanyaxuning aytishicha, bunday qoidalar Isroilning barcha fuqarolariga, shuningdek, xorijda yashayotgan 268 mingdan ortiq isroilliklarga ham taalluqli bo‘ladi.