Jahon | 07:28 / 11.03.2020
9187
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston prezidenti “Tolibon” a'zolarini ozod etish haqidagi farmonni imzoladi 

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani asirga olingan toliblarni afv etish va ozod etish haqidagi farmonni imzoladi. Farmonga ko‘ra 1,5 ming tolib ozod etiladi.

Foto: REUTERS/Mohammad Ismail/File Photo

Bu haqda Afg‘oniston prezidenti rasmiy vakili Sodiq Sodiqiyga tayanib Tolo news telekanali xabar berdi.  

Toliblarning ozod etilishi AQSh va “Tolibon” harakati o‘rtasida tuzilgan tinchlik sulhining shartlaridan biri edi. 

Toliblar 15 kun davomida har kuni 100 kishidan ozod qilinadi. Farmonda aytilishicha, barcha ozod etilganlar “jangovar harakatlar hududiga qaytmaslikka yozma ravishda va'da berishi” kerak bo‘ladi. Toliblarning ozod qilinishi 4 kun ichida boshlanadi.

AQSh va “Tolibon” o‘rtasida tuzilgan kelishuvga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati 5 ming tolibni ozod qilishi kerak. G‘ani imzolagan farmonda agar muzokaralar muvaffaqiyatli davom etsa, hukumat ko‘rsatilgan sondagi mahbuslarning barchasi qo‘yib yuborilmaguncha kuniga 500 kishidan ozod qilishi belgilab qo‘yilgan. 

9 mart kuni AQSh kelishuvning o‘ziga tegishli bandini bajarishga kirishib, Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishni boshladi. AQSh 14 oy ichida barcha qo‘shinlarini olib chiqishga va'da bergan. Shuningdek, NATO ham Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqadi. 

Mavzuga oid