
6 mart kuni Kun.uz saytida Namangan shahridagi Markaziy Marg‘ilon ko‘chasidagi holat haqida «Namangan shahridagi abgor yo‘l: haydovchilar asabidan, mashinalar ballonidan ayrilmoqda» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi. Materialda bir necha yildan beri serqatnov yo‘lning nosozligi avtomashina haydovchilari va yo‘lovchilar uchun noqulayliklar tug‘dirayotgani bayon qilingan.

10 mart kuni Namangan shahar hokimligi mazkur tanqidiy masala yuzasidan brifing o‘tkazdi. Unda Namangan shahrining yo‘l sohasi mutasaddilari, shahar YPX vakili, shahar kengashi deputatlari, Markaziy Marg‘ilon ko‘chasi hududidagi mahalla fuqarolar yig‘ini oqsoqollari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etishdi.

Brifingda shahar hokimi o‘rinbosari Jobirxon Abdullayevning mazkur holat yuzasidan chiqishi tinglandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining «2017-2019 yillar davrida Namangan shahrining yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, Namangan shahrining Uychi, Hamroh, G‘alaba, Marg‘ilon va Qo‘qon ko‘chalarida keng ko‘lamda obodonlashtirish va qayta qurish ishlari amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu dasturga asosan, Marg‘ilon ko‘chasida ichimlik suvi, kanalizatsiya, tabiiy gaz, elektr, aloqa tarmoqlari tortish, sifatini yaxshilash va yo‘llarni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan shahar bosh rejasiga asosan, Marg‘ilon ko‘chasida yo‘lning ikki chetidagi aholi xonadonlarini shaharning boshqa hududiga ko‘chirgan holda, yo‘lni kengaytirish va jami 82ta obekt qurilishi belgilangan.
O‘tgan yillarda Marg‘ilon ko‘chasida ko‘chirilishi rejalashtirilgan xonadonlarni buzish ishlarini amalga oshirish imkoni bo‘lmagani sababli, kelgusida Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilan ushbu ko‘chada qurilish va obodonlashtirish ishlari bosqichma-bosqich bajarilib, yo‘lning ikki chetida rejalashtirilgan obektlar qurilishi jarayonida kommunikatsiya tarmoqlari tortish, ishlar yakunida ushbu ko‘chada 3,47 kilometr masofada yo‘lni kapital ta'mirlash rejalashtirilgan.















