O‘zbekiston | 11:10 / 11.03.2020
1688
2 daqiqa o‘qiladi

Quyi palata yalpi majlislarining onlayn translatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi

Quyi palata yalpi majlislarining shu yil 1 maygacha onlayn translatsiyasi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Qonunchilik palatasida yangi elektron ovoz berish tizimi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda parlament saytida xabar qilingan.

Taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda deputatlarga qulaylik yaratish maqsadida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. NFC kartalari orqali ro‘yxatdan o‘tish joriy etildi, keng formatli rangli tablo o‘rnatildi, ovoz berish natijalari yakunlari tabloda diagramma asosida namoyon bo‘lyapti, parlament a'zolarining elektron hujjat aylanishi tizimidan foydalanish tizimi yaratildi.

Rejalashtirilayotgan ishlarga alohida ahamiyat qaratildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlislarini internet, xususan, feysbuk, yutub va boshqa kanallarda onlayn translatsiyasini tashkil etish, buning uchun jurnalistlarga zarur shart-sharoit yaratish, deputatlarning O‘zbekiston milliy qonunchilik ma'lumotlari bazasiga kirish imkoniyatini ta'minlash, yalpi majlislar arxivini yuritish (kun tartibi, ovoz berish natijalari, deputatlarning ma'ruzalari va boshqalar) kabilar shular jumlasidan.

Quyi palata yalpi majlislarining shu yil 1 maygacha onlayn translatsiyasi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu parlamentning ochiqligi, shaffofligini ta'minlashda muhim o‘rin tutadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri N. Ismoilov ushbu jarayonni tezlashtirish, buning uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish zarurligini, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar Qonunchilik palatasida qabul qilinayotgan qonun loyihalari haqida har bir fuqaroni xabardor qilishga xizmat qilishini qayd etdi.

Mavzuga oid