Seshanba kuni Moskva birjasi ochilishida dollar 3,4 rublga - 71,9 rublgacha oshdi. Yevro 4,2 rublga - 81,7 rublgacha qimmatlashdi. Tushga kelib rubl yevro va dollarga nisbatan mustahkamlana boshladi.
Moskva birjasi indeksi qariyb 6, RTS indesi esa 11 foizdan ortiqroqqa pasaydi. Butun boshli neft sohasi - «Lukoyl», «Tatneft» va «Rosneft» aksiyalari qulashda yetakchi bo‘ldi. Oradan bir soatcha o‘tib Mosbirjaning pasayishi sekinlashib, 3,4 foizni, RTS esa 7 foizni tashkil etdi. Bi-bi-si mazkur holatni tahlil qildi.
Nima uchun qulash yuz berdi?
Jahon bozorida keyingi bir necha hafta davomida pasayish kuzatilayotgandi. Buning asosiy sababi esa koronavirus tarqalishi bo‘ldi. Bozor ishtirokchilari u jahon iqtisodiyoti o‘sishiga va tabiiy boyliklarga bo‘lgan talabga zarba berishidan xavfsirayotgandi.
Natijada investorlar o‘zlari xatarli deb hisoblagan barcha aktivlar, jumladan Rossiya rublidan voz kecha boshladi, uning o‘rniga an'anaviy himoya aktivlari, masalan, AQSh g‘aznachiligi obligatsiyalari va oltin sotib ola boshladi.
Hafta oxiriga kelib bunga yana bir omil qo‘shildi: OPeKka a'zo davlatlar Rossiya va boshqa davlatlar bilan neft qazib olish hajmini qisqartirish borasida kelisha olmadi. Keyingi yillar davomida neft narxini ushlab turgan bitim bekor bo‘ldi.
Saudiya Arabistoni va Rossiya neft bozorida urush qilishga tayyorlanayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi. Blumberg agentligi bunday urush "uzoq va vayronkor" bo‘lishini bildirdi. Agar mamlakatlar neft qazib olishni oshiradigan bo‘lsa, bu butun sohaga jiddiy zarba bo‘ladi. Xalqaro energetika agentligi buni "rus ruletkasi" deb atadi.
Dushanba kuni neft narxi rekord – 31 foizga tushib ketdi, bu 1991 yildan beri eng qatta qulashdir. So‘ngra neft narxi ozgina ko‘tarildi. Seshanba kuni ertalab bir barrel Brent 35,84 dollarni tashkil etdi.
Iqtisodchilar neft narxi tushishini taxmin qila boshladi. Bank of America yaqin haftalarda Brent narxi bir barrel uchun 20 dollargacha tushishini kutmoqda. Bank neftning bu yilgi o‘rtacha narxi bo‘yicha taxminini pasaytirdi. Agar ilgari Bank of America 2020 yilda bir barrel neft narxi 45-54 dollar bo‘lishini taxmin qilgan bo‘lsa, endilikda 41-49 dollar bo‘lishini kutmoqda.
Rossiya hukumati rublni qanday qilib qo‘llab-quvvatlamoqchi?
Markaziy bank va moliya vazirligi rublni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dastlabki choralarni e'lon qildi.
















