Markaziy bank xabar berishicha, bu holatning sababini so‘rab MBga murojaatlar bo‘lmoqda. Fuqarolarga tushunarli bo‘lishi uchun mazkur masalada mutaxassis izohi tayyorlandi.

Markaziy bank Naqd pul muomalasini tashkil etish departamenti direktori Fazliddin Bozorov:

– Markaziy bankning 25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatdagi banknot va tangalarini muomaladan qaytarib olish muomaladagi naqd pullarning nominal qatorini optimallashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Buning asosiy sabablari quyidagilar bilan izohlanadi.

Dunyodagi aksariyat mamlakatlarda tangalarning asosan 4-5 xil nominali, banknotlarning 5-6 xil nominali muomalada bo‘lsa, O‘zbekistonda esa bugungi kunga qadar muomalada rasman 14 ta (1 tiyin, 3 tiyin, 5 tiyin, 10 tiyin, 20 tiyin, 50 tiyin, 1 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 25 so‘m, 50 so‘m, 100 so‘m, 200 so‘m, 500 so‘m) nominaldagi tangalar, 12 ta (1 so‘m, 3 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 25 so‘m, 200 so‘m, 500 so‘m, 1000 so‘m, 5000 so‘m, 10 000 so‘m, 50 000 so‘m, 100 000 so‘m) nominaldagi banknotlar mavjud.

Ma'lumot uchun: 2019 yilning 1 iyulidan 50 so‘mlik va 100 so‘mlik banknotlar muomaladan chiqarildi. 2020 yilning 1 iyulidan boshlab 200 so‘mlik va 500 so‘mlik banknotlar ham to‘lov qobiliyatini yo‘qotadi.

Shuningdek, butun dunyoda amal qilinadigan muomaladagi pul belgilarining nominal qatorini belgilash nazariyasiga ko‘ra, eng kichik nominaldagi pul belgisi (asosan tanga ko‘rinishida) o‘rtacha kunlik ish haqining 1/1000 qismini tashkil etishi lozim.

Mazkur hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda bu nisbat 85,2ni tashkil etadi (Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yil yakunida o‘rtacha oylik hisoblangan ish haqi – 2 324,5 ming so‘m, daromad solig‘i chegirilganda 2 045,6 ming so‘m). Shunga ko‘ra, respublikamizda naqd puldagi hisob-kitoblar uchun eng kichik nominaldagi pul belgisining 50 so‘mlik tanga bo‘lib qolishi yuqoridagi nazariyaga asoslangan.

Bundan tashqari, 1994-2001 yillarda muomalaga kiritilgan 25 so‘mlik va undan kichik nominaldagi tangalar hamda banknotlar mamlakatimizdagi iqtisodiy jarayonlar, narxlar o‘zgarishi kabi omillar ta'sirida tabiiy ravishda muomaladan chiqib ketgan bo‘lib, bugungi kunda naqd puldagi to‘lovlarda ulardan umuman foydalanilmayapti.