O‘zbekistonda allaqachon mahalliylashtirib bo‘lingan Damas, Spark va Nexia avtomobillarining narxi 19-21 foizga, Cobalt narxi modifikatsiyasiga qarab 10-14 foizgacha oshdi.

Shu bilan bir vaqtda, qimmat avtomobillar – Malibu 2, Tracker, Trailblazer, Equinox, Traverse va Tahoe narxlari o‘zgarishsiz qoldirildi.

Deputat Doniyor G‘aniyev «O‘zavtosanoat» AJ vakillari bilan o‘tkazilgan parlament eshituvida bu haqda izoh so‘radi.

«Xomashyo narxi oshgani uchun avtomobillar tannarxi oshdi, deb aytyapsizlar. Qo‘shimcha qiymat solig‘i qo‘shildi, deyapsizlar. Lekin eng qizig‘i, negadir aholi eng ko‘p oladigan, eng ko‘p sotiladigan Damas, Spark, Nexia-3larning narxi oshyapti-da, Gentra narxi atigi 3 foizga ko‘tarilyapti.

Qimmat narxdagi, sizlar ishlab chiqarmaydigan, faqat import qiladigan mashinalaringiz narxi oshgani yo‘q.

Mantig‘ingizdan kelib chiqadigan bo‘lsam, agar butun dunyoda xomashyo narxi oshayotgan bo‘lsa, hamma mashinaning xarajati oshadi. Unda nega endi Malibu’da xarajat, tannarx oshmayapti-da, Damas’niki oshyapti?

Eng qizig‘i, allaqachon lokalizatsiya qilib bo‘lingan avtomobillarning narxi oshib, to‘laligicha import qilinadiganlarniki qimmatlashmayapti?

Bundan ikkita savol kelib chiqadi.

Birinchisi. Dunyo bozorida chindan ham xomashyo narxi oshyapti, lekin xarajatlaringizni eplay olmayotganingiz uchun, mo‘ljaldagidan ko‘payib ketayotgani uchun mahsulot tannarxini oshiryapsiz.

Yoki umumiy xarajatni hammaga teng taqsimlamasdan, faqatgina arzon mashinalarga taqsimlab, shundog‘am ko‘p sotilmayotgani uchun qimmat mashinalarning narxini ko‘tarmasdan, ularning xarajatini ham ommabop avtomobillarnikiga qo‘shib yuboryapsiz.

Bu esa oxir-oqibat arzon mashina sotib olayotgan iste'molchilarga jabr bo‘lmoqda», – dedi Doniyor G‘aniyev.

Savolga javoban, UzAuto Motors AJ bosh direktori o‘rinbosari Aleksandr Saxapov avtomobil narxlari imkon qadar jilovlab turilganini ta'kidladi.