O‘zbekiston | 07:58 / 16.03.2020
20398
3 daqiqa o‘qiladi

Mahsulot narxini asossiz tarzda oshirgan tadbirkorlar javobgarlikka tortiladi – Musayev

Davlat soliq qo‘mitasi raisi narxlar sun'iy ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligini alohida qayd etdi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi munosabati bilan aholida tug‘ilayotgan qator savollarga javob olish uchun Kun.uz muxbiri Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev bilan suhbatda bo‘ldi.

«Qo‘shtirnoq ichidagi ayrim tadbirkorlarda fursatdan foydalanib olay degan fikr bo‘lishi mumkin. Bunday tadbirkorlar juda chuqur monitoringga olinadi. Agar xalqni jipslashadigan, hamma tinch bo‘lishi kerak bo‘lgan jarayonda shundan foydalanib, narxlarni ko‘tarib oladigan bo‘lsa, tabiiyki, asossiz narx ko‘tarish evaziga olingan daromadiga nisbatan soliq nazorati, soliq monitoringini o‘rnatamiz», – dedi Musayev.

U narxni sun'iy ravishda oshirgan tadbirkorlar jinoiy javobgarlikka tortilishini ta'kidladi.

«Bosh vazir aniq aytdilar: bunday tadbirkorlar jinoiy tadbirkorlikka tortiladi.

Bir savolni ko‘tardilar: shu davrda haqiqiy tadbirkor bo‘lsa, o‘zini qanday tutishi kerak? Aksincha, bunday davrda xalqni tushunib, narxni o‘zgartirmagan holatda mahsulotini ko‘proq bozorga yetishtirib, bozordagi vahimaning oldini oladigan odam – haqiqatda insonparvar, vatanparvar tadbirkor bo‘ladi.

Lekin dardi faqatgina pul topish bo‘lib, xalqni qiynash evaziga yoki xalqning qo‘rquvidan foydalanib, pulimni topaman, deydigan tadbirkor bo‘lsa, unga qonunda yetarli me'yorlar bor. Shu bilan biz kurashamiz.

Oldingi hafta, oy, yil sotilgan hamma narxlar, fakturalar qo‘limizda bor. Hammasini, hamma tovar pozitsiyasini birma-bir solishtirib chiqamiz. Kimki narxini ko‘taradigan bo‘lsa, u bilan manzilli ishlaymiz», – dedi Soliq qo‘mitasi raisi.

U iste'molchilardan vahimaga tushmaslikni so‘radi.

«Bitta narsani iste'molchilarimizdan, o‘zbek xalqidan iltimos qilib aytish kerakki, vahimaga tushishga hech qanday asos yo‘q.

Soliq organlari nazoratni to‘liq amalga oshiradi. Nafaqat soliq organlari, bosh vazir tomonidan aniq topshiriq berildi – prokuratura, soliq organlari birgalikda ishchi guruhlarini tuzib, har bir dehqon bozori, savdo sub'yektida nazorat tadbirlari, reyd tadbirlarini amalga oshiramiz.

Buning asosiy maqsadi nima? Kechagi sotilayotgan narxdan bugungi narxning hech qanday farqi bo‘lishi kerak emas», – dedi u.

Mavzuga oid

E`lonlar