Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institutni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal instituti tashkil etilishi kutilyapti.
Belgilab qo‘yilishicha, Institut “Soliqlar va soliqqa tortish”, “Moliyaviy nazorat va audit”, “Soliq, moliya va tijorat huquqi”, “Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari” ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni va yuqori darajada fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishini ta'minlaydigan tayanch oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.
Institut tuzilmasida Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Moliya universitetining bo‘linmasi (fakulteti) tashkil etiladi va uning moddiy-texnik ta'minoti O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Institutda kadrlarni tayyorlash tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilanadi:
professor-o‘qituvchilar tarkibini yuqori darajadagi kasbiy va pedagogik mahoratga, shu jumladan, amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislar bilan jamlash;
xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy ta'limning ilg‘or standartlarini joriy etish, jumladan, o‘quv dasturlarida nazariy bilim olishga yo‘naltirilgan ta'limdan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishni ta'minlash;
malakali kadrlar tayyorlashni buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotning zamonaviy usullari, xalqaro soliqqa tortish, transfert narxlarni belgilash, tavakkalchiliklarni tahlil qilish, biznes-tahlil texnologiyalari (Business Intellegence) va soliq ma'murchiligida ilg‘or axborot texnologiyalarini (Big Data) qo‘llash asosida tashkil etish;
o‘quv jarayonida o‘qitishning zamonaviy shakl va metodlari, shu jumladan pedagogik va axborot texnologiyalarini, masofaviy ta'limni, o‘qitish va treninglarni interfaol hamda muammoli-vaziyatli uslublarini keng joriy etish, talaba, tinglovchi va pedagog kadrlarning global axborot-huquqiy hamda ta'lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;















