O‘zbekiston | 17:50 / 17.03.2020
24486
2 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Shermatov: «Maktab ta'tili qachon tugashi vaziyat yaxshilanishiga bog‘liq»

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda maktab ta'tili qancha muddat davom etishi haqidagi savolga javob qaytardi.

«Ta'til qachongacha davom etishi hozircha ma'lum emas. Bu haqda hukumat darajasidagi komissiya qaror qiladi. Ushbu komissiya tarkibida, biz, vazirlar ham bormiz.

Shuni ham qo‘shimcha qilib o‘tmoqchiman: ta'til degani tog‘ga chiqamiz, dam olamiz, Navro‘zni nishonlaymiz degani emas. Biz bolalarimizni asrashimiz kerak.

Butun dunyoda «social distancing» (ijtimoiy uzoqlashuv) masalasi ko‘ndalang qo‘yilmoqda. Bolalar bir-biridan uzoqda bo‘lgani yaxshi. Bu masalada ota-onalardan mas'uliyatli bo‘lishni so‘raymiz. Bu, avvalo, ularning o‘zi uchun muhim. Bosh vazir aytganidek, oldimizga kelgan qiyinchiliklarni hammamiz birlashib, birgalikda yengib o‘tishimiz kerak», dedi Shermatov.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus sababli O‘zbekistondagi barcha oliy ta'lim muassasalari talabalari, maktab o‘quvchilari va maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga 16 martdan ta'til berildi.

Sherzod Shermatov bugun «O‘zbekistonda koronovirus infeksiyasining tarqalishi va unga qarshi ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha ta'lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar» mavzusidagi brifing vaqtida maktab o‘qituvchilari ham 18 mart kunidan ta'tilga chiqarilishini ma'lum qildi.

Mavzuga oid