Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Sessiyada Hazorasp tuman hokimi birinchi o‘rinbosari, Pitnak shahar hokimi Oybek Boboyev so‘zga chiqdi va bir necha yillardan buyon Tuproqqal'a aholi yashash punkti va Pitnak shahri aholisi Hazorasp tumani ma'muriy markazidan uzoqdaligi tufayli qiynalib kelayotgani, kelib tushayotgan muammolarning 90 foizi shu bilan bog‘liq ekanini ta'kidladi.
Sessiyada Xorazm viloyati hokimi zimmasiga «O‘zbekiston Respublikasida ma'muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, Tuproqqal'a tumanini tashkil etish taklifini ko‘rib chiqish va Oliy Majlisga taklif kiritish masalasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga iltimosnoma kiritish vazifasi yuklatildi.
O‘rtaga qo‘yilgan masala yuzasidan deputatlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Sessiya yakunida muhokama etilgan masala yuzasidan Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining qarori qabul qilindi.










