
«Bugungi sharoitda sanoat korxonalari, tadbirkorlar va eksportyorlar bizdan aniq va samarali choralar kutmoqda. Shu bois iqtisodiyotda hisob-kitob qilinayotgan yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun zaxira yaratish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash hukumatning asosiy vazifasi bo‘lishi zarur», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida prezidentimiz koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida farmon qabul qildi. Hujjatga asosan, Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unda 10 trillion so‘m shakllantiriladi.
Yig‘ilishda farmonda belgilangan dolzarb vazifalarni amalga oshirish, pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta'sirini yumshatish masalalari muhokama qilindi.
Koronavirus tarqalashining oldini olish, shifoxonalarni dori, himoya va diagnostika vositalari bilan ta'minlash, karantin xarajatlarini o‘z vaqtida moliyalashtirish zarurligi ta'kidlandi.
Yurtimizda koronavirusga qarshi kurashish ishlariga qariyb 5,5 ming nafar tibbiyot xodimi jalb etilgan. Ularni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlab, oylik maoshiga qo‘shimcha 120 foiz ustama to‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Kasallanganlarni o‘z vaqtida aniqlash va profilaktikaga e'tiborni kuchaytirish, buning uchun barcha hududiy yuqumli kasalliklar shifoxonalarini ekspress-testlar bilan ta'minlash muhimligi qayd etildi.
Hozirgi kunda 16 mingdan ortiq fuqarolar karantinga olingan. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga karantin nazoratini ta'minlash yuklatildi.

Yig‘ilishda aholini ijtimoiy himoyalash masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. Karantinga yopilgan muassasalar xodimlari, karantindagi fuqarolar va ularga qarovchilarning huquqlarini ta'minlash, ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini kamida 10 foizga yoki 60 mingtaga oshirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.
Karantindagi farzandlariga qarayotgan ota-onalarni ishdan bo‘shatishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.
















