Aslida nima bo‘lgandi?

Madridda karantinda bo‘lishi kerak bo‘lgan «qirollik klubi» hujumchisi Luka Yovich ispan klubi ruxsati bilan Belgradga uchib keldi. Koronavirus pandemiyasi tufayli belgilangan qonun-qoidalarga ko‘ra, Serbiyaga xorij davlatidan kelgan fuqarolar 28 kunlik qat'iy karantinda bo‘lishlari shart. Biroq mahalliy OAVning tasdiqlashicha, «Real» hujumchisi vataniga kelgach karantinga rioya qilmay, qiz o‘rtog‘i Sofiya Mixaylovichning tug‘ilgan kunini katta davrada do‘stlari bilan birga nishonlagan.

 Hukumat reaksiyasi

«Afsuski, sinovli va qiyin davrda futbolimiz yulduzlari hammaga o‘rnak bo‘lish o‘rniga salbiy hatti-harakatlari bilan barchani xavotirga solib, g‘azabini qo‘zg‘ayotganligiga guvoh bo‘layapmiz. Ular millionlab pul ishlab, uyga qaytgach, amaldagi qonunlarga bepisand bo‘lib, qoidalarni ochiq-oydin buzishmoqda», - deydi Serbiya bosh vaziri Ana Brnabich «Real» futbolchisi borasida fikr bildirib.

 Mamlakat prezidenti Aleksandar Vuchich yanada qattiqroq ohangda gapirdi:

«Agarda u uyidan chiqsa, qo‘lga olinadi. O‘ylamanki, Yovich qilmishidan pushaymon bo‘ladi. U bitta narsani aniq tushunib olishi shart – odamlarimizning hayoti uning pullaridan anchagina muhimroq, qadrliroq va qimmatroqdir», - degan Serbiya prezidenti.

 Serbiya ichki ishlar vaziri Neboysha Stefanovich esa amaldagi qonunchilikning bilib turib buzilishiga bir yildan 12 yilgacha qamoq jazosi belgilanganligini eslatib o‘tdi. U shuningdek, «boyvachcha sportchilarimizga ayblov qo‘yildi», - deya fikr bildirgan.

Blic nashrining ma'lum qilishicha, ulardan biri aynan Luka Yovichdir.

«Hozirga kelib ularga 87ta ayblov qo‘yilgan», - deya qayd etdi Stefanovich.

«Jazo muddati bir yildan 12 yilgacha ko‘rsatilgan. Qonunga amal qilish kerak yoki qonunbuzarlik uchun javob berish lozim. Qonunbuzarlarning barchasi sud oldida javob berishadi», - deya ta'kidlagan mamlakat ichki ishlar vaziri.

 Futbolchining otasi nima deydi?

Luka Yovichning otasi Milan Yovich esa o‘g‘lining tarafini olgan: «u shunchaki do‘konga chiqqandi», - degan u. Biroq Belgradda mashhur bo‘lgan futbolchini juda ko‘p guvohlar do‘kon emas, shahar ko‘chalarida bayramona yurganligini ko‘rishgan.