O‘zbekiston | 14:17 / 29.03.2020
49529
3 daqiqa o‘qiladi

Namangandagi ilk bemordan yana 5 qarindoshiga va hamshiraga virus yuqqani ma'lum bo‘ldi

29 mart kuni O‘zbekistonda aniqlangan jami 29ta yangi holatdan 6tasi Namangan viloyatida qayd etilgani ma'lum qilindi.

Namangan viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi o‘rinbosari Davlatali Qosimov viloyatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risida qo‘shimcha ma'lumot berdi.

«12 martda Turkiya orqali umra ziyoratiga borib kelgandan so‘ng uy karantinida nazoratda bo‘lgan, Namangan shahrida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan ayol koronavirus infeksiyasiga chalinganlikda gumon qilinib, 24 mart kuni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga karantin kuzatuviga yotqizildi va 26 mart kuni unda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Shu bilan birga, infeksiya bu ayoldan uning onasi, singlisi, qizi va nabirasiga ham yuqqani hamda uning 72 yoshli onasi surunkali kasalliklari oqibatida 26 mart kuni vafot etganligi haqida xabar berilgandi.

Bugun, 29 mart kuni tongda ushbu ayolning karantin kuzatuvida bo‘lgan yana 5 nafar qarindoshida hamda onasiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelgan patronaj hamshirasida, jami 6 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Umra ziyoratiga borgan ayolning singlisi, singlisining kelini, akasi, akasining turmush o‘rtog‘i, jiyani hamda tibbiy hamshiraning koronavirus infeksiyasi tahlili musbat natija berdi.

Hozirgi kunda ushbu fuqarolar bilan oilaviy va yaqin muloqotda bo‘lganlarning barchasi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga va ikkilamchi muloqotda bo‘lganlarning barchasi maxsus jihozlangan izolyatorlarga joylashtirildi. Hozirda ularning sog‘ligi malakali mutaxassislar tomonidan nazorat qilib borilmoqda.

Bugungi kunga Namangan viloyatida qayd etilgan jami koronavirusga chalinish holati 12tani tashkil etmoqda.

Hurmatli viloyatimiz fuqarolari! Viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi nomidan sizdan uydan chiqmaslikni, koronavirus profilaktikasi talablariga qat'iy amal qilishingizni so‘raymiz! Hayotingizni, oilangizni, farzandlaringizni, ota-onangizni, xalqimiz kelajagini xatarga qo‘ymang!», deydi viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi o‘rinbosari Davlatali Qosimov.

Namanganda yana bir kishi Istanbul-Toshkent reysi bilan uchib kelib, uy karantinida saqlangan, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida karantin kuzatuvida bo‘lib, viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi virusologiya laboratoriyasi tahlil natijalariga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangan.

  • 29 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari soni 133tani tashkil etmoqda. Shundan 2 kishi vafot etgan va 7 kishi sog‘aygan.

Mavzuga oid