Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida hududlar hokimlariga karantin paytida joylarda barcha darajadagi yig‘ilishlar va majlisbozliklarga chek qo‘yish talabini qo‘ydi.
Ammo, davlat rahbarining topshirig‘iga qaramay, 27 mart kuni Bo‘ka tumani rahbarlari ishtirokida tumandagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari uchun seminar tashkil etilgan.
Kun.uz ixtiyoridagi ma'lumotga ko‘ra, chigit ekish masalalariga bag‘ishlangan mazkur seminar 27 mart kuni soat 15:00da tumanning «Mustaqil O‘zbekiston» fermerlar uyushmasi hududidagi «Abdurafe Rajabzoda» fermer xo‘jaligi dala maydonida bo‘lib o‘tgan.
Unda tuman hokimi Nizomiddin Abbosov, tuman prokurori Husanxo‘ja Po‘latxo‘jayev va tuman soliq inspeksiyasi rahbari Dilshod Omonov ham ishtirok etgan.
«Muhim» seminarda fermerlarga nima o‘rgatildi?
Kun.uz muxbiri seminar tafsilotlari haqida ma'lumot olish maqsadida unda ishtirok fermerlardan biri bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.
«Hokimimizni juda hurmat qilamiz. Lekin vaziyatni hammamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz. Butun dunyoda aholini uyda qolish haqida chaqiriqlar bo‘layotgan, shaxsan prezidentimiz hokimlarga karantin paytida majlisbozliklarni to‘xtatishni buyurgan bir paytda majburiy tarzda o‘tkazilgan bu seminar barcha fermerlarda xavotir uyg‘otmasdan qolmadi», – deydi shaxsi sir qolishini istagan fermer.
Seminarda nima masalalar muhokama qilindi, deb bergan savolimizga:
«Nimani ham muhokama qilardik? Har yili o‘zimiz qilib kelgan ish – chigit ekishni «o‘rgatishdi». Kerak bo‘lsa, shu yerda to‘plangan fermerlar chigit ekishni hokimdan ham, prokuror-u tuman bosh soliqchisidan ham yaxshiroq bilishadi.
Seminarda qishloq xo‘jaligi sohasi yuksak darajada rivojlangan biror xorijiy davlatdan mutaxassis master-klass o‘tarmidi yoki bo‘lmasam banan yo apelsin yetishtirishni o‘rganayotganmidikki, inson hayoti xavf ostida turgan shunday bir tahlikali vaziyatda yig‘ilish o‘tkazilsa...», – deydi fermer biz bilan suhbatda.
















