1918 yilda «Ispanka grippi» deb ataluvchi virus butun dunyoni chulg‘ab, o‘n millionlab insonni hayotdan olib ketgan. Qayerdadir o‘qidim: ayni kunlarda bunday og‘riqli oqibatlarning oldini olishda zamonamizning bosh yutug‘i — internetning kashf etilgani katta o‘rin tutmoqda. Ya'ni, davlatlar o‘rtasidagi muloqot, ma'lumot almashishning tezligi vaziyatga aniqroq, ertaroq baho berish imkonini bermoqda.

Demak, koronavirusga qarshi bugungi jangda axborotning aniqligi, tezligi, foydaliligi katta ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston aholisi qaysidir ma'noda onlayn va offlayn insonlarga bo‘linib qolgandek. Ijtimoiy tarmoqlarga kirsangiz, hamma vaziyatni tushungan, ko‘pchilik uyda o‘tiribdi, oilaviy karantin joriy qilgan, imkon qadar boshqalarni ham shunga chaqirmoqda.

Ko‘chaga chiqsangiz — hamma o‘z holicha, deyarli hamma, kamida Telegram tarmog‘iga ulangan bo‘lsa-da, axborotlar turlicha, aniq manbalar haqida ma'lumotlar kam. Natijada, mish-mishlar ko‘paydi, «bozorlar yopilarmish», kabi asossiz xabarlar oqibatida, ko‘p joylarda xaosning ikkinchi to‘lqini kuzatildi.

Shu nuqtayi nazardan, ko‘pchilik televideniyega bog‘liq ekani, u yerda berilayotgan axborotlarga ko‘proq ishonishini e'tiborga olib, bu mavzu kengroq yoritilishini istardim.

Ha, odamlarni (ayniqsa, ayollarni) uyda o‘tirishga qiziqtirish uchun qo‘ldan kelguncha harakat qilyapsizlar, chala qolgan, hattoki taqiqlangan turk seriallarini ham asta-sekin qaytaryapsizlar, lekin ushbu vaziyatda telekanallarning ijtimoiy mas'uliyati bu bilan cheklanmasligi kerak.

Koronavirus xavfi, karantin foydalari, bu mavzudagi to‘g‘ri tushuntirishlar, xabarlar, targ‘ibotlar ayniqsa, televideniyeda, xususan xususiy telekanallarda ham ko‘payishi kerak, nazarimda.

Koronavirus nima uchun xavfli?

Aslini olganda, virusning o‘zi u qadar qo‘rqinchli emas, og‘irlik darajasi, o‘lim ehtimoli yuzasidan bir qator oddiy, biz bilgan va biz qo‘rqmaydigan kasalliklardan ko‘p ham farq qilmaydi. Ammo butun dunyoni mana shunday vaziyatga keltirib qo‘ygan omil — koronavirusning oson yuquvchi ekani, hamda kasallikning dastlabki bosqichlarining yashirin o‘tishidir. Ya'ni, siz muloqot qilayotgan insonning kasal ekanini bilmaysiz, hatto uning o‘zi ham buni bilmayotgan bo‘lishi mumkin.

Koronavirus shunchaki bir inson bilan yaqindan turib suhbatlashganda, qo‘l berib so‘rashganda va hatto u qo‘li bilan ushlagan temir, pul, eshik tutqichi, umuman, har qanday turdagi buyumlarni bilmagan holda ushlash orqali ham yuqishi mumkin. Ya'ni, bir o‘zingiz ko‘chaga chiqib, oddiy temir ustunga suyanib yoki magazin eshigini ochib ham, virus yuqtirib olishingiz mumkin.