Ittifoq nega tanqid qilinmoqda?

Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlarining Covid-19 halokatiga qarshi tezkor va samarali inqiroz mexanizmini yarata olmaganligi ittifoqning kelajagiga oid qora ssenariylar yozilishiga yo‘l ochmoqda. Yevropa Ittifoqining epidemiya ishg‘ol qilgan ilk «qal'a»si – Italiyada o‘lim soni 12 mingdan oshib ketgan bo‘lsa-da, hali-hamon har bir davlat o‘z-o‘zicha yechim topishga urinayotgani mazkur vaziyatni keltirib chiqargan omillardan biridir. Italiyadan so‘ng Ispaniya va Fransiyada ham o‘limlar soni ortib ketgani «Ittifoq hamjihatlikni ta'minlashga, umumiy ijtimoiy-iqtisodiy yechimlarni topishga qodir emas» degan keskin tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.

Xaos va o‘zaro ayblovlar

Dekabr oyida Xitoyda paydo bo‘lgan virusni yuqtirib olgan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari: Italiya, Ispaniya va Fransiya o‘z tarixida misli ko‘rilmagan tartibsizliklarga duch kelishdi. Davlatlarning ofat ko‘lami naqadar keng bo‘lishi mumkinligini juda kech anglaganlari xaos va o‘zaro ayblovlarni keltirib chiqardi.

Germaniya tomonidan dastlab qat'iy choralar ko‘rilmaganining sababini ham, shubhasiz, ittifoqning tezkor tadbirlar olishga qodir emasligi bilan izohlash mumkin. Italiyaning Yevropa Ittifoqidan yordam ololmagani, ustiga ustak, Yevropa Markaziy banki (ECB) prezidenti Kristin Lagardning virus bilan zararlangan mamlakatlarga yordam berilmasligi haqidagi bayonoti nafaqat ittifoqqa a'zo davlat rahbarlarini, balki Yevropa jamoatchiligini ham shoshirib qo‘ydi. Boz ustiga, Italiyaga niqob, qo‘lqop va virusni aniqlovchi uskunalarning Xitoy, Kuba va Rossiya kabi mamlakatlardan keltirilishi reaksiyalar oloviga moy sepganday bo‘ldi. Oxir-oqibat, vaziyat shu darajaga yetib bordiki, italiyalik ijtimoiy media foydalanuvchilari Yevropa Ittifoqi bayrog‘i yoqib yuborilgani aks etgan rasmlarni bir-birlariga ulashdilar.

Hamma ham g‘alaba qozonmasligi mumkinmi?

Italiyada virus paydo bo‘lganidan bir yarim oy (!) o‘tgachgina Yevropa Ittifoqi komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda epidemiya va epidemiyadan keyingi choralar to‘g‘risida tushuntirish berildi. 2020 yil 17 mart kuni esa Yevropa Ittifoqi Kengashi komissiyaning inqirozdan chiqishga doir takliflarini ma'qulladi. Albatta, bular ittifoq a'zolaridan yanada kuchli integratsiyalashishni va umumiy yechimlarni ishlab chiqishni talab qiluvchi chora-tadbirlar edi.

Bryusseldagi Yevropa Ittifoqi ma'murlarining fikricha, agar ittifoqqa a'zo davlatlar sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va xavfsizlik masalalarini o‘zlaricha hal qiladigan bo‘lishsa, hamma ham g‘alaba qozonmasligi mumkin.