Jahon | 07:52 / 04.04.2020
11202
2 daqiqa o‘qiladi

Bill Geyts AQShda 10 haftalik umummilliy karantin kiritishga chaqirdi

Microsoft asoschisi, milliarder Bill Geyts AQShning ba'zi shtatlari koronavirus tarqalishi oldini olish uchun hanuzgacha karantin choralarini kiritmayotganini tanqid qildi. Uning fikricha, pandemiya oqibatlarini minimallashtirish uchun 10 hafta qat'iy karantin zarur.

Foto: RIA Novosti

Milliarder bu haqda Washington Post nashriga intervyusida aytib o‘tdi. 

U koronavirus tarqalishi oldini olish uchun “karantinga umummilliy izchil yondashuv”ga chaqirdi.

Geyts ba'zi shtatlar gubernatorlari cheklovchi choralar kiritmaganini tanqid qilgan. Hozirda 5 shtatda hanuzgacha odamlarga uyda qolish buyurilmagan, 7 tasida esa karantin ba'zi hududlarda kiritilgan.

“Bu boradagi chigallik iqtisodiy muammolarni ko‘paytiradi, virus qaytishi imkoniyatini oshiradi va ko‘p sondagi o‘limlarga olib keladi”, deb aytgan milliarder. 

Geytsning fikricha, AQSh hukumati karantin choralari kiritishdan tashqari, aholini, birinchi navbatda tibbiy xodimlarni koronavirusga testlashni tezlashtirishi va vaksina yaratishga bor e'tiborini mujassamlashtirishi lozim. Milliarderning aytishicha, vaksina va'da qilingan 1,5 yildan oldin paydo bo‘lishi mumkin.

 “Bu holda biz tarixda vaksinaning eng tez ishlab chiqilishining guvohi bo‘lamiz. Hozirdanoq bu vaksinalar ishlab chiqariladigan fabrikalar qurish lozim. Bunda federal hukumat yetakchi rol o‘ynashi lozim, chunki xususiy kompaniyalar o‘z zimmasiga bunday xatarni ololmaydi”, deb hisoblamoqda Geyts.

Milliarder AQSh hukumatining sust harakat qilishini birinchi marta tanqid qilishi emas. O‘tgan hafta u AQSh tezkorlik bilan harakat qilmaganini va karantin kiritish bilan bir necha oyga kechikkanini aytgan. Uning ta'kidlashicha, karantin kiritilishi iqtisodiyot uchun falokatli oqibatlarga olib kelsa-da, uni uzaytirish lozim.

Geyts 5 yil avvaloq insoniyatga eng katta xavf viruslar hisoblanishini va dunyo yangi epidemiyalarga qarshi kurashga tayyormasligini aytib o‘tgan.

Mavzuga oid