Prezident eksport ham to‘xtab qolmasligi kerakligini qayd etgan.
Bu jarayonni zanjirga qiyoslagan prezident ichki bozordan ortgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilishda hech qanday muammo bo‘lmasligi yuzasidan mas'ullarga topshiriq bergan. Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, bugungi kunda temir yo‘l xizmatidan foydalanishni eng yaxshi chora sifatida baholagan.
«Birinchi chorak o‘tdi. Biz bugun barcha sohalarni birdek olib bormas ekanmiz, ikkinchi-uchinchi chorakda qiyin ahvolga tushib qolishimiz mumkin. Bugun ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasiga, tadbirkorlarimizga zarur imkoniyat yaratib bersak, hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonaman», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Prezident kichik biznesni rivojlantirishga ham to‘xtalib, tadbirkorlar bilan ishlashda Boyovut tumanida yaxshi tajriba qo‘llanayotganini e'tirof etgan.
Masalan, hozirgi vaqtda tumanda 2200ga yaqin tadbirkorlik sub'yektlari mavjud. Hamma tadbirkorlar bir tarmoqqa ulangan. Ular to‘rtta sektorga biriktirilgan. Endi qaysi tadbirkorda qanday muammo paydo bo‘lsa, sektor rahbariga murojaat qiladi va masala tegishli tartibda bartaraf etiladi.
Yig‘ilishda bu tizimning samarali ekanligi va mamlakat bo‘ylab ommalashtirilishi haqida gapirilgan.












