Barcha davlatlarda umumiy bo‘lgan cheklovlar ham bor, ammo ayrim davlatlar o‘z fuqarolarining hayot tarziga qarab ham cheklovlar o‘ylab topmoqda.
Uchrashuvga chiqish mumkin emas
Virus Xitoyda paydo bo‘lgandi, hozir esa Yevropada yuqori tezlikda tarqalishda davom etmoqda. Ayniqsa Italiya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar koronavirusdan juda ko‘p zarar ko‘rmoqda. Fransiyada karantinning ikkinchi bosqichida cheklovlar ko‘paydi. Ular orasida ta'kidlab yozilgan quyidagi band e'tiborni tortadi: «Ko‘chaga chiqish uchun do‘stining oldiga borish, ruhshunos seansiga qatnash yoki sevgani bilan uchrashish kabi bahonalar inobatga olinmaydi». Ha, karantin sevishganlarni hijron bilan ham sinaydi.
Darvoqe, yevropalik ruhshunoslarning aytishicha, karantindan so‘ng ajrimlar ko‘payib ketishidan qochib bo‘lmaydi. Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: hamma uyda, qiladigan ish yo‘q, gapdan gap chiqib janjal bo‘ladi-da, to‘g‘rimi? Karantin insoniyatga yuborilgan ikki karra sinov desak, adashmaymiz.
Fransiyada karantinni yashash manzilidan boshqa joyda o‘tkazish ham taqiqlandi. Chunki karantin boshlanganda parijliklar shahar tashqarisidagi dala hovlilariga borib yashashni boshlashgandi. Ammo ularni qishloq ahli yaxshi kutib olmadi: «Shaharliklar virusni olib kelishadi, keyin bozorlarimizdagi yeguliklarimizni yeb bitirishadi», deya arz qilishdi ular. Natijada «dachaga chiqqanlar» uylariga qaytarildi.
Qamoqxonaga borish mumkin emas
Italiyada mahbuslar orasida ham virus tarqalgach, hukumat qamoqxonalardagi yaqinlarni borib ko‘rishni cheklab qo‘ydi. Chunki u yerga borganlar ham virus yuqtirib olishi mumkin. Bu cheklovdan so‘ng Italiya qamoqxonalarida to‘polon boshlandi. Modenedagi qamoqxonada boshlangan isyon boshqa qamoqxonalarga ham tarqaldi. Modenedagi uch nafar mahbus tartibsizliklar vaqtida jon berdi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ular lazaretdan geroin o‘rnini bosadigan metadonni o‘g‘irlab iste'mol qilib dozasini oshirib yuborgan. Bosh ko‘targanlar orasida giyohvandlar ham bo‘lgan, demak ular ko‘proq tashqaridan olib kiriladigan «ozuqa» uzilib qolganidan norozi bo‘lishgan.
«Virus odamni ikki marta o‘ldiradi...»

Odam yaqin insoni joni uzilayotganini bilsa, qayerda bo‘lmasin uning oldiga yetib borishni, oxirgi so‘zini aytib, og‘ziga bir tomchi suv tomizishni xohlaydi. Ammo koronavirus insonni bundan ham mahrum qildi. Bu kasaldan vafot etayotgan odamning oldida doktorlardan boshqa hech kim bo‘lmasligi kerak.


















