O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Aytib o‘tilganidek, pandemiya oqibatlari og‘ir ta'sir qiladigan ushbu korxonalar bilan alohida ishlash zarur. Moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan korxonalar rahbarlari imtiyoz olish uchun bank va soliq idoralarida sarson bo‘lib yurmasligi kerak.
Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma obektlari qurilishiga qo‘shimcha 3,6 trillion so‘m ajratildi. Bu mablag‘lar, eng avvalo, ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Xususan, 152ta loyihaning muammolari hal qilinsa, 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.
Videoselektor yig‘ilishida eksport masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Yuklarni temir yo‘l orqali konteynerda tashish, stansiyalarda refrijyerator seksiyalarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga meva-sabzavotlar, to‘qimachilik va elektrotexnika mahsulotlari, qurilish materiallari eksporti bo‘yicha har bir korxona muammosini tezkor hal qilib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Aholini zarur iste'mol tovarlari, oziq-ovqat, dori va gigiyena mahsulotlari bilan ta'minlash masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Yurtimizdagi 358ta dehqon bozori va ulardagi «Elga xizmat» korxonasini jalb etib, mahallalarda soddalashtirilgan ko‘chma savdoni yo‘lga qo‘yish choralari belgilandi.
Qolaversa, aholi ixtiyorida 4,5 millionta tomorqa xo‘jaligi bor. Shu kunlarda ulardan ham mahsulot olina boshlaydi. Bu odamlarga qo‘shimcha daromad, xalqimizga rizq-ro‘z manbai. Shu bois tomorqadan mahsulotlarni sotib oluvchilarga karantinga amal qilgan holda erkin harakatlanishi uchun sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Ma'lumki, karantinning ilk kunlaridanoq xalqimiz jipslashib, saxovatpesha insonlar yolg‘iz keksalar, ehtiyojmand oilalarga yordam qo‘lini cho‘zib kelmoqda. Ushbu sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish va xavfsizlik qoidalarini ta'minlagan holda amalga oshirish maqsadida xayr-ehsonlar Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz»da jamlanmoqda hamda koll-sentrga kelib tushgan murojaatlar asosida mahalla vakillari va ko‘ngillilar guruhlari tomonidan ehtiyojmand oilalarga tarqatilmoqda. Buning uchun 20ta «Damas» avtomashinasi ajratilib, barcha himoya vositalari bilan ta'minlangan.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga shunday tartibni viloyat markazlarida ham tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.










